Samarqandda ilk bor robotlashtirilgan jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi
Avvalroq Samarqanddagi “Meros international hospital” klinikasida robotlashtirilgan jarrohlik amaliyoti amalga oshirilishi haqida xabar bergandik.
Yaqinda ushbu klinikada birinchi shunday amaliyot o‘tkazildi.
O‘ng buyrak o‘smasi tashxisi qo‘yilgan bemorda ushbu holatni bartaraf etish Toshkent urologiya markazi jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Zarifxo‘ja Bahodirxonov boshchiligida amalga oshirildi.
- Jarroh mazkur operatsiyani bevosita emas, bilvosita, o‘tirgan joyida boshqaradi,- deydi klinika direktori o‘rinbosari Azamat Umirov. - Robotlashtirilgan modulning afzallik tomonlari shundaki, u yuqori aniqlikda ishlaydi va amaliyot maydonini bir necha kattalashtirib beradi. Bu esa o‘z navbatida organizmning ko‘z bilan ko‘rish qiyin bo‘lgan nuqtalarini ilg‘ash imkonini beradi.
Murakkab jarrohlik amaliyotlarida 4-5 nafar jarroh ishtirok etsa, bunda bir jarrohning o‘zi va yordamchisi butun operatsiyani boshqarishi mumkin.
Ushbu robotlashtirilgan modul tizimi xorijda keng tarqalgan bo‘lib, asosan onkourologik, onkoginekologik kasalliklarda keng qo‘llaniladi. Robot orqali jarrohlik amaliyotini amalga oshirish uchun klinikamizning to‘rt nafar jarrohlari koreyalik mutaxassislar tomonidan o‘qitildi.
Bunday operatsiya 2 soatdan olti soatgacha davom etadi. An’anaviy amaliyotda ham operatsiya shuncha vaqt davom etishi mumkin. Ammo an’anaviy jarrohlikda bemor tanasida katta kesma bo‘ladi, qon ketish asoratlari bo‘lib, qorin devori mushaklarining mustahkamligi susayadi.
Shuningdek, klinikada ushbu yangi uskuna yordamida ginekologiya, onkologiya, obdominal jarrohlik bo‘yicha operatsiyalar amalga oshiriladi.
Ushbu uskuna hozircha faqat Toshkent va Samarqandda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat Qozog‘istonda bor. Ushbu murakkab va qimmat uskunaning o‘rnatilishidan asosiy maqsad, murakkab operatsiyalarga muhtoj bemorlar qiynalib, xorijga bormasdan, shu yerning o‘zida sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishidir.
Klinika bugungi kunda 55 ta tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, jarrohlik bo‘yicha ginekologik, urologik, abdominal jarrohlik, lor, travmatologik, neyrojarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, klinika Turkiyaning Anadolu klinikasi bilan hamkorlikda ish olib borib, unda Janubiy Koreyaning "Revo I" robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi, Germaniyaning "Brainlab ner" navigatsion tizimi asosida jihozlangan.
Gulruh Mo‘minova,
Baxtiyor Mustanov.