Samarqandda imkoniyati cheklangan shaxmatchilar uchun DXX kubogi viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi
Bugun Samarqandda o‘tkazilgan sportning shaxmat turi bo‘yicha 16-30 yoshgacha bo‘lgan imkoniyati cheklangan shaxmatchilar o‘rtasida O‘zbekiston respublikasi davlat xavfsizligi kubogi musobaqalari murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Ilhom Rasulov shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi. Umid Abdullayev ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Behro‘z Baxtiyorov uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Iroda Tirkashevaga teng keladigani topilmadi. Durdona Jumanova ikkinchi, Habiba Amonova uchinchi bo‘ldi.
Ushbu musobaqa Samarqand viloyati hokimligi, Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 aprel kunidan boshlab, Samarqand viloyatidagi 1126 ta mahallalarda 7-30 yoshdagi yoshlar o‘rtasida sportning 9 ta turi (futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol, workaut) bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiada”si doirasida ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda.
Ushbu sport musobaqalarida shaxmat bo‘yicha 52976 nafar yoshlar qamrab olingan.