Samarqandda iqtisodiy-ijtimoiy holat mahallabay yaxshilanadi

Buning uchun mutasaddilar har bir go‘shani alohida o‘rganib, zarur choralarni ko‘rmoqda.

Misol uchun, shu kunlarda viloyat Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev, Samarqand shahar Xalq qabulxonasi mudiri I.Negmatov hamda IJKQ departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i A.Mardiyevlar "Fidoyilar" mahallasida bo‘lib, mavjud vaziyatni o‘rganishdi.
Mutasaddilar dastlab hududni ko‘zdan kechirib, Shaar kanali atrofiga katta hajmdagi chiqindi to‘planib turganiga guvoh bo‘lishdi.

Shu bois, kanal atrofini tozalash uchun shahar Obodonlashtirish boshqarmasining 150 nafar ishchilari, 60 nafar FVV askarlari jalb qilindi. Jalb etilganlar tomonidan 4 ta maxsus texnika yordamida 20 tonna chiqindi belgilangan joyga olib chiqildi.

Aholining murojaati asosida mahallaning Kamolot ko‘chasida 320 metr toza ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. Natijada 38 ta xonadonda suv ta’minoti yaxshilandi. O‘rganish va muloqotlar davomida kommunal sohalar bo‘yicha aniqlangan boshqa kamchiliklar bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar belgilandi.

Albatta, o‘rganish ishlari shu bilan yakunlangani yo‘q. Mahalladagi 200 ga yaqin xonadon patronaj xizmati bilan qamrab olinib, 682 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijalari bo‘yicha turli xastalik aniqlangan 51 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga 16 turdagi dori vositalari berildi.