Samarqandda IT-Park filiali ochildi

Samarqand shahrida dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki – IT-Parkning hududiy filiali zamonaviy infratuzilmaga ega binoda o‘z faoliyatini boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi E.Turdimov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi.

- Foydalanishga topshirilgan bino yangi loyihalar yaratish uchun katta imkoniyat, - dedi Oleg Pekos. – Albatta, dasturiy mahsulotlar, startap, innovatsion loyihalar yaratish va ularga mijoz topish, xizmatlarni xorijga eksport qilish oson kechmaydi. Ammo ishonamanki samarqandliklar buning uddasidan chiqadi. Sababi, viloyatda mazkur sohaga qiziquvchi iqtidorli yoshlar ko‘p.

Binoda kovorking markazi, rezidentlar va startapchilar uchun joylar, zamonaviy o‘quv xonalari, robototexnika, kibersport, muzokara va uchrashuvlar xonalari (meeting room), konferens zal, internet-kafe va boshqa yordamchi xonalar mavjud va ular eng so‘nggi dizayn asosida tashkil etilgan.

Filial viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan yuridik shaxslar, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, bu yerda viloyatning har bir shahar va tumanida tashkil etiladigan raqamli texnologiyalar markazlari  faoliyat olib boradi. Hozirgi kunda 6 ta shahar va tumanlarda mazkur markazlar tashkil etildi, joriy yil yakuniga yana 4 ta shu kabi markazlar ishga tushiriladi.

Filial tashkil etilishi natijasida viloyatda 50 ta yangi IT korxonalar, 200 ta yangi ish o‘rinlari va 100 dan ortiq startap loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.

  – Bugun zamon o‘zgaryapti, hayotimizda axborot texnologiyalarining o‘rni oshib bormoqda, davlat va jamiyat hayotida ham raqamli iqtisodiyot roli ortmoqda. Ana shunday paytda IT-Parklar zamon bilan hamnafas insonlar, ayniqsa, yoshlarning sevimli maskaniga aylanadi, – dedi E.Turdimov. – Shuning uchun kelgusida barcha tuman va shaharlarda, Samarqand shahrining o‘zida bir nechta IT-Parklar bo‘ladi.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV.