Samarqandda joriy yilning o‘tgan davrida 5600 nafardan ziyod fuqaro kasb-hunarga jalb qilingan

Bu haqda viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyati bilan tanishish maqsadida jurnalist va blogerlar ishtirokida tashkil etilgan press-turda ma’lum qilindi.

Dastlab boshqarma boshlig‘i Najmiddin Sulaymonov joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda kasb-hunarga o‘qitish borasida qilingan ishlar haqida ma’lumot berdi. 

- Viloyatda joriy yilning o‘tgan davrida “Ishga marhamat” monomarkazi, 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda shu yil tuman va shaharlar hududida tashkil etilgan 90 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlariga 5644 nafar ishsiz fuqaro jalb qilindi, - dedi N.Sulaymonov. – Fuqarolar 40 ga yaqin kasb bo‘yicha uch oydan olti oygacha bo‘lgan muddatda o‘quv kurslarida tahsil olmoqda va kursni muvaffaqiyatli tugatganlarga mutaxassisligi bo‘yicha sertifikat topshirilyapti. Bugungi kunga qadar 1429 nafar fuqaro kurslarni muvaffaqiyatli tugatdi va 1214 nafarining bandligi ta’minlandi. Hozirda o‘quv maskanlarida 3600 nafarga yaqin fuqaro o‘qishni davom ettirmoqda.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar Ishtixon tumanidagi kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. 

Markaz o‘tgan yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu kunga qadar tikuvchilik, oshpaz-qandolatchi, elektromontyor, elektrogaz payvandchi, santexnika ishlari ustasi kasblari bo‘yicha 324 nafar fuqaro kursni muvaffaqiyatli tugatgan. 

- Ayni paytda 116 nafar fuqaro kasb sirlarini o‘rganmoqda, - deydi Ishtixon kasb-hunarga o‘qitish markazi direktori Jamshid Rasulov. – Markaz qoshida tumanimizda 6 ta, Oqdaryoda 5 ta, Qo‘shrabotda 7 ta va Payariqda 6 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida tikuvchilik, oshpaz-qandolatchi, ayollar va erkaklar sartaroshligi bo‘yicha maskanlar tashkil etilgan. Hozirgi kunda o‘quv markazini tugatgan fuqarolardan 31 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, davlat va xususiy korxonalarga 27 nafar fuqaro ishga joylashgan, 19 nafari xorijga yuborilgan, 47 nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilgan. 

Keyingi manzilimiz Qo‘shrabot tumani mahallalaridagi o‘quv maskanlari bo‘ldi. 

Tumanda joriy yilning shu davriga qadar 3400 nafar ishsiz fuqaroga bandlik xizmatlari ko‘rsatilib, ulardan 653 nafari ishga joylashtirilgan, 245 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilgan. Shuningdek, tumanda fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida joriy yilning aprel oyida Ishtixon kasb-hunarga o‘qitish markazi qoshida 7 mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskani tashkil qilingan. Hozir bu maskanlarda 200 nafarga yaqin fuqaro kasb-hunar o‘rganmoqda.

- Ishsiz edim, yaqinda 3 oylik tikuvchilik kursini tugatib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlayman, - deydi Qo‘shrabot mahallasida yashovchi Muhabbat Xolmurodova. – Kursda ayollar va bolalar ko‘ylaklarini tikishni o‘rgandim. Mahallamizdagi hokim yordamchisi tadbirkorlik faoliyatimni boshlasam subsidiya asosida tikuv mashinasi berilishini aytdi. Endi chevarlikni singillarimga ham o‘rgatib, ko‘ylaklar sotuvini ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapman. 

Fazliddin Ro‘ziboyev.