“Samarqandda Jurnalistlar ezgu maqsad yo‘lida birlashmoqda”: O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari Samarqanddagi seminar taassurotlari haqida

Bugungi kunda Samarqand viloyatida 39 ta bosma nashrlar chop etilmoqda. Shundan 34 tasi gazeta va 5 tasi jurnal. Ularning bir martalik adadi 80 ming nusxadan ziyod. Viloyatdagi OAV xodimlarining 10 nafardan ko‘prog‘i mahalliy Kengashlar deputati sifatida jamoatchilik ishlarida ham ishtirok etmoqda. Samarqandlik jurnalistlarning 8 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, samarqandlik ijodkorlar “Oltin qalam” Milliy  mukofotining turli nominatsiyalarini 12 marta qo‘lga kiritishgan.

— Samarqandda eng ko‘p obidalarni kim qurdirganini bilasizmi? — deb so‘raydi Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov jurnalistlardan va savoliga o‘zi javob beradi. —  Ana shaharga boqing, qaysi binolarni ko‘ryapsiz? Ko‘hna obidalar va ko‘kka bo‘y cho‘zgan zamonaviy inshootlarni, to‘g‘rimi? Ularni kimlar bunyod etgan: Sohibqiron Amir Temur va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev!  

Darhaqiqat, tepalikdan kaftdek namoyon bo‘lib turgan  shaharga boqib hokim haqiqatni so‘zlayotganiga ishonch hosil qilasiz. Sohibqiron bobomiz Amir Temur qurdirgan obidalar — Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi va Qorasuv massivi, Samarqand sayyohlik markazi kabi maskanlarda bunyod etilgan zamonaviy osmono‘par binolar birinchi navbatda ko‘zga tashlanadi.

Yer yuzining sayqali nomini olgan Samarqand bugungi kunda ko‘plab respublikamiz va xalqaro miqyosidagi anjumanlarga mezbonlik qilib kelayotgani tarixiy binolarga, zamonaviy majmualarga boyligi, turistik salohiyati, shu bilan birga, xalqimizga xos mehmondo‘stligidan ham dalolat beradi. Bu gal Samarqand “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” ezgu g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Mamlakatdagi islohotlarni yoritishda janrlar va jurnalist mahoratining ahamiyati” mavzusidagi mintaqaviy seminar ishtirokchilarini o‘z bag‘riga chorladi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining shu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida jurnalistlarning malakasini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini yuksaltirish, tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish maqsadida hududlarda mintaqaviy seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oldiga bir qator vazifalar qo‘yilgandi. Shundan kelib chiqib, Uyushmaning joriy yil ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasida bir necha hududlarda mintaqaviy seminarlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ahamiyatli jihati shundaki, bunday mintaqaviy seminar ishtirokchilari nafaqat nazariy bilimlarini oshirish, bugungi kunda ommaviy axborot vositalariga qo‘yilgan talablar va tamoyillardan voqif bo‘lish, balki o‘zaro tajriba almashib, o‘sha viloyatdagi nashrlarning holati, jurnalistlarga yaratilgan shart-sharoitlar, hududda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Muxtasar aytganda, mintaqaviy seminarlar ommaviy axborot vositalari xodimlarining ezgu maqsad  yo‘lida jipslashishiga xizmat qilyapti.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Samarqand viloyat hokimligi, uyushmaning Samarqand viloyat bo‘limi hamkorligida  Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyati jurnalistlari uchun tashkil etilgan seminar mavzusidan ayonki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlarning ma’no-mazmunini, samarasini keng yoritish ommaviy axborot vositalari xodimlaridan yuksak mahorat talab qiladi. Bu jarayonda nafaqat mahorat, tanlangan janrlar ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Seminar qatnashchilari o‘zaro tajriba almashib, bugungi axborot asrida ommaviy axborot vositalari oldida turgan vazifalar yuzasidan fikrlashdi, islohotlarni yoritishda jurnalistika, reporterlik san’ati, tahlil, badiiy-publitsistik mahoratni qo‘llay olishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

— Bugun o‘zbek jurnalistikasida tub o‘zgarishlar, sezilarli siljishlar, so‘z erkinligining amaldagi isboti bo‘y ko‘rsatayotgani hech birimizga sir emas, — dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov. — Sohaga e’tibor jonlandi, shu bilan birga yechimini kutayotgan muammolarimiz talaygina. Jurnalistlarning haq-huquqlarini himoya qilish, xizmat vazifasini emin-erkin ado etishi uchun tizimli ishlarni kuchaytirish zarur. Uyushma a’zolarining bilim va malakasini oshirish maqsadida xorijiy davlatlarga sayohatlar, tajriba almashish uchun ijodiy safarlar uyushtirish rejalashtirilmoqda. Bugun bosma ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash har qachongidan dolzarb bo‘lib turganini yaxshi bilamiz.

Darvoqe, mintaqaviy seminarni Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Farmon Toshev olib borgani bejiz bo‘lmadi. Negaki, res­publikamiz jurnalistlari orasida Samarqand viloyati haqida so‘z yuritilganida, birinchi navbatda, shu taniqli ijodkor ko‘z oldimizda gavdalanadi. Milliy jurnalistikamiz rivojiga katta hissa qo‘shgan, ko‘p yillardan buyon samarali ijod qilib kelayotgan va o‘ziga xos “ustoz-shogird” maktabini yaratgan Farmon Toshevdan o‘rnak olsak arziydi. Chunki u mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida izchil, xalqona tilda yoritib borayotgani e’tirofga molikdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Samarqand viloyatida 39 ta bosma nashrlar chop etilmoqda. Shundan 34 tasi gazeta va 5 tasi jurnal. Ularning bir martalik adadi 80 ming nusxadan ziyod. Viloyatdagi OAV xodimlarining 10 nafardan ko‘prog‘i mahalliy Kengashlar deputati sifatida jamoatchilik ishlarida ham ishtirok etmoqda. Samarqandlik jurnalistlarning 8 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, samarqandlik ijodkorlar “Oltin qalam” Milliy  mukofotining turli nominatsiyalarini 12 marta qo‘lga kiritishgan.

Ayni paytda viloyatdagi 39 ta bosma ommaviy axborot vositasi tahririyatlarining 16 tasi o‘z binosiga ega, 8 tasi muassis binosida, 15 ta gazeta va jurnal tahririyatlari esa ijarada faoliyat yuritadi.

Samarqand viloyatida 50 nafardan ortiq faol bloger, messenjer kanallari va ijtimoiy tarmoqlarda sahifa yurituvchi fuqarolar bilan yaqin munosabat o‘rnatilgan. Ushbu blogerlar va faol fuqarolar tomonidan yuritilayotgan Telegram kanallari va ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy auditoriya 1 milliondan ziyod foydalanuvchini tashkil etadi.

Seminar doirasida samarqandlik bir guruh faol jurnalistlar  O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zoligiga qabul qilinib, ularga a’zolik guvohnomasi va ko‘krak nishonlari topshirildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan 9 ta bosma nashrga “Yurida-Orfo” dasturi sertifikatlari Uyushma tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etildi. Bu dastur kirill yoki lotin alifbosidagi matnlarning orfografik bexato yozilishini ta’minlashga mo‘ljallangan.

O‘zaro tajriba almashish maqsadida seminar qatnashchilari “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik” va “Ovozi Samarqand” gazetalari tahririyatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ular viloyat matbuot muzeyidagi eksponatlarni ko‘zdan kechirish jarayonida Samarqand milliy matbuotimizning beshigi bo‘lganiga yana bir bor ishonch hosil qilishdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyati “Matbuot uyi”  hovlisiga ko‘chatlar o‘tqazishdi.

Viloyatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumot berish uchun Qorasuv massivi, Samarqand sayyohlik markazi, Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyi va boshqa mas­kanlarga uyushtirilgan  press-tur barchaga manzur bo‘ldi.

Shu o‘rinda jurnalistlar Mahmudxo‘ja Behbudiy uy-muzeyiga borishi ham bejiz emas. Yaxshi bilamizki, buyuk ma’rifatparvar bobomiz milliy matbuotning paydo bo‘lishi va o‘zbek jurnalistikasining rivojiga katta hissa qo‘shgan zotdir. Behbudiy o‘zbek va fors-tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Uning “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Osiyo”, “Hurriyat”, “Turon”, “Sadoi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyna” kabi gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalari o‘sha davrda taraqqiyparvar kishilar, ayniqsa, yoshlarning diqqat-e’tiborini qozongan. Uy-muzeyidagi eksponatlar ham Mahmudxo‘ja Behbudiyning milliy matbuotimiz tarixida muhim o‘rin egallashidan bizni voqif etadi.

Press-tur doirasida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov mintaqaviy seminar ishtirokchilari bilan uchrashib, viloyatdagi qurilish-bunyodkorlik ishlari, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bu uchrashuv mintaqaviy seminar qatnashchilariga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ish­ladi.

Muxtasar aytganda, Samarqandda o‘tkazilgan mintaqaviy seminar taassurotlarga boy bo‘ldi. Bunday tadbirlar jurnalistlar va sohaga qiziquvchi ijodkorlarning mahoratini oshirish,  o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va ommaviy axborot vositalari ravnaqini ta’minlashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Suyundik MAMIROV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yetakchi mutaxassisi.