Samarqandda kartoshka ekib zarar ko‘rgan fermerlarga 1,5 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ undirib berildi
Bu haqda zarnews.uz ga viloyat prokuraturasi ma’lum qildi.
Oqdaryo tumanida bu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qayd qilinishicha, o‘tgan yilda viloyatda g‘alladan bo‘shagan 10 ming 57 gektar maydonga takroriy ekin sifatida kartoshka ekilgan.
Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda 189 fermer xo‘jaligiga 5 ta importchi korxonalar tomonidan 3,6 milliard so‘mlik 581 tonna urug‘lik kartoshka yetkazib berilmaganligi yoki 317 fermer xo‘jaligi tomonidan ekilgan 2,8 milliard so‘mlik 455 tonna urug‘lik kartoshka ekilgandan so‘ng unib chiqmasdan yaroqsiz holga kelganligi aniqlangan.
Fermer xo‘jaliklari hisobiga 1 milliard 647 million so‘m mablag‘ importyor korxonalardan undirib berilgan va 1 holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jumladan, «SAM GOLD» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Oqdaryo tumanida joylashgan 166 fermer xo‘jaligi hamda 34 nafar fuqaroga urug‘lik kartoshka o‘rniga iste’mol (ozuqa) kartoshka tarqatilgan. Bu holat yuzasidan jamiyat rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.