Samarqandda katta boks: 200 nafar bokschi, 13 vazn, 145 jang

Samarqand shahrida olimpiya zaxiralari kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida boks bo‘yicha an’anaviy “Olimpiya cho‘qqilari” respublika sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Uch yilda bir o‘tkazilib kelinayotgan boks musobaqasida respublikaning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston respublikasi hamda Toshkent shahridan 200 nafarga yaqin professional bokschilar o‘n uch vazn toifasida 145 ta jang o‘tkazdi.

-  Keyingi paytda barcha viloyatlarda boks ancha jonlanib, qiziquvchilar soni ortmoqda, - deydi xalqaro toifadagi hakam, musobaqa bosh hakami Obidjon Zokirov. – Bu kabi musobaqalar orqali biz milliy terma jamoamizni ham shakllantiramiz. Ayniqsa, Osiyo va xalqaro bellashuvlarda Toshkent, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri bokschilarining nufuzi baland.

Musobaqa natijasiga ko‘ra, respublika olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi medal jamg‘arish bo‘yicha eng yaxshi natijani ko‘rsatdi. Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji bokschilari ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji sportchilari uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Husan Eltoyev.