Samarqandda ko‘zi ojiz o‘quvchilarning she’riy kitobi chiqarildi
Samarqand shahridagi 59-son “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi o‘quvchilari orasida ibrat bo‘layotgan ijodkor, adabiyot va san’atga oshno bo‘lganlar hamda sportchi-yoshlar ko‘p. Mahliyo Daminova va Sherbek Islomov ham she’riyatga mehr qo‘ygan, qalb kechinmalarini satrlarida ifodalagan umidli yoshlardan.
Toshkent shahridagi “QAMAR MEDIA” nashriyotida viloyat IIB homiyligida ularning qalbi ko‘zi bilan anglagan she’riy mashqlardan iborat “Quyoshga tik qaraganlar” nomli ilk to‘plami chop etildi. Bugun ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i R.Mamatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov, shoira Xosiyat Bobomurodova ishtirok etib, kitob o‘qishning foydali tomonlari va yosh ijodkorlarning she’rlari haqida fikrlarini bildirdi.
- Ularning qalbi zulmatdan nur topadi, - deydi Xosiyat Bobomurodova. - Ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan tuyg‘ularni his qilib, she’rga soladi. Har gal ular bilan she’riyatning sirli dunyosida uchrashganim sari bu nozik qalblarni aldab bo‘lmasligini anglayman. Yolg‘on tuyg‘ular toza yuraklar uchun haqorat bo‘lib tuyuladi. Ular odamlarga va o‘zlarini baxtli kelajak kutayotganiga ishonadi.
Kitobda yosh ijodkorlarning Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, tinchlik va do‘stlik qadr-qimmati ulug‘langan she’rlari nafaqat ularning tengdoshlari, balki yoshi katta kishilarni ham ezgulikka chorlaydi.