Samarqandda "Kutubxona hamdo‘stligi: hamkorlik va innovatsiyalar" xalqaro kutubxonachilar forumi bo‘lib o‘tdi

Forum "Samarqand – MDHning madaniy poytaxti-2024" davlatlararo dasturini amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Unda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar milliy kutubxonalari, Moskva hamda Sankt-Peterburg davlat madaniyat institutlari, bolalar va yoshlar kutubxonalari, Markaziy Osiyo chegara kutubxonalarining 30 ga yaqin rahbarlari va yetakchi mutaxassislari qatnashdi. Ular kutubxonalarni zamonaviy rivojlantirishning dolzarb masalalarini, raqamli muhitda bosma va qo‘lyozma meroslarining taqdimoti, mutolaani targ‘ib qilish dasturlari, kutubxonalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari masalalarini muhokama qildilar.

Tadbirning tantanali ochilish marosimi Samarqand shahrida yangi bunyod etilayotgan «Shirin» zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksining direksiyasida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, ishtirokchilarni qutladi.
Tadbirda 2025 yilda Markaziy Osiyo bolalar kutubxonalari forumini Samarqandda o‘tkazish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu tadbir bugungi kunda viloyat bolalar kutubxonasi faoliyat olib borayotgan, 1911 yilda qurilgan tarixiy binoning ta’mirlanib foydalanishga topshirish marosimiga ulanib ketishi ta’kidlandi.

Tadbir davomida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Rossiya Davlat kutubxonasi, Xorazm viloyati Mahmud az-Zamaxshariy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy nomidagi jamoat kutubxonasi; Surxondaryo viloyati Adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi Indira Gandi nomidagi Markaziy ilmiy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).