“MDHning madaniy poytaxti” maqomi Samarqanddan Lochinga o‘tdi
MDH rahbarlari kelishuviga asosan 2024 yilda Samarqand shahri “MDHning madaniyat poytaxti” maqomida edi.
Mazkur loyiha doirasida yil davomida Samarqand shahrida MDH mamlakatlari xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Madaniyat va san’at namoyandalarining qadimiy kentga sayohatlari, ular ishtirokida ijodiy kechalar uyushtirildi.
Viloyat musiqali drama teatrida mazkur loyihaning Samarqandda yopilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov, MDHga a’zo davlatlar Gumanitar hamkorlik davlatlararo fondi ijrochi direktori Anatoliy Iksanov, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Siyosiy, gumanitar va ijtimoiy sohalarda hamkorlik departamenti direktori o‘rinbosari Xalmat Rashidov ishtirok etdi.
Samarqand shahar hokimligiga Hamdo‘stlik madaniyat poytaxti loyihasini munosib davom ettirgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Shundan so‘ng “MDHning madaniy poytaxti” maqomi Ozarbayjonning Lochin shahriga tantanali topshirildi. Unvonni tasdiqlovchi sertifikatni Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Lochindagi maxsus vakili Masim Mamedov qabul qilib oldi.
Tadbir doirasida MDH yoshlar orkestrining konsert dasturi namoyish etildi.