Samarqandda kutubxona ochildi
Samarqand shahridagi «Do‘stlik uyi»da ochilgan mazkur kutubxonaga Ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibot markazi tomonidan 400 ga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini o‘z ichiga olgan badiiy kitoblar taqdim etildi. Tez orada kitoblar fondi 4000 taga yetkazilishi kutilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Kutubxonadan nafaqat «Do‘stlik uyi»da faoliyat yurituvchi tashkilot va markaz xodimlari, balki boshqa tashrif buyuruvchilar ham foydalanishi ko‘zda tutilgan. Foydalanuvchilarga qulay tarzda xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, viloyatda 787 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 685 tasi respublika nodavlat notijorat tashkilotlarining hududiy bo‘limlari hisoblanadi. 102 tasi fuqarolar tashabbusi bilan tashkil etilgan.
«Do‘stlik uyi»da 50 ga yaqin NNT hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 11 ta milliy madaniy markaz joylashgan. Bu yerda muzey, kovorking markazi va boshqa qator qulayliklar mavjud.