Samarqandda magnit hodisalar va ko‘p funksiyali magnit materiallarga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda

Samarqand davlat universitetida “Magnit hodisalar va ko‘p funksiyali magnit materiallar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Muhandislik fizikasi instituti tomonidan tashkil etilgan ushbu anjumanda AQSh, Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Indoneziya, Hindiston, Gretsiya, Gollandiya kabi dunyoning 17 davlatidan 130 dan ziyod xorijiy olimlar hamda respublikaning 30 dan ortiq tashkilotlaridan 50 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etmoqda.

– Bugungi kunda mamlakatimizda fizika sohasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda, - dedi tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov. - Muhandislik ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlarning davomi sifatida xalqaro ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun zarur shart-sharoit yaratilayotganligi, sohaga oid ilmiy-tadqiqot olib borayotgan olimlarimiz mehnatini rag‘batlantirish tizimi joriy etilayotganligi, mamlakatimizda ilm-fan va ta’limga bo‘lgan e’tiborning oshib borayotganidan dalolat. Shuning uchun ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatning barqaror o‘sishi, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan ilm va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish bugun oldimizda turgan eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lib qolmoqda.

– Magnetizm sohasi fizikaning muhim va dolzarb tarmoqlaridan, - dedi Moskva davlat universiteti professori  Nikolay Perov. - Bugungi konferensiyaga 17 davlatdan xorijiy mutaxassislarning jalb qilingani magnetizm sohasining butun dunyo bo‘yicha muhim yo‘nalishlardan bir ekanini ko‘rsatadi. Sohaga oid ilmiy tadqiqotlarga xalqaro nigohda qarash, mamlakatlar o‘rtasida mavjud ilmiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, albatta, o‘z samarasini bermasdan qolmaydi. Konferensiya bahona Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti bilan ham tanishdik. Salobatli binolar, zamonaviy laboratoriya va o‘quv xonalari ko‘pchilik xorijiy ekspertlarning e’tiborini tortdi. O‘ylaymanki, ilm-fan uchun yaratilgan bunday sharoitda kelajak ilm-fanini rivojlantiradigan kashfiyotlar yaratiladi.

Bugun universitetda Samarqand magnetizm maktabi hamda magnetizm yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi yagona ilmiy kengash faoliyat yuritadi. Respublika bo‘yicha ushbu sohada faoliyat olib borgan mutaxassislarning deyarli barchasi ushbu maktabda yetishib chiqqan.

Hozirgi paytda magnetizm shunday sohaga aylandiki, unda erishilayotgan har bir yutuq va yangilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga tatbiq etiladi. Hayotimizning asosiy qismiga aylanib ulgurgan mobil qurilmalar, smartfonlar, flesh xotiralar, hamma-hammasi ushbu sohaning kashfiyotlari tufayli hozirgi darajadagi takomiliga yetgan. Bugungi konferensiyada magnetizm sohasidagi muhim yangiliklar to‘g‘risida butun jahon olimlari ma’ruzalari bilan qatnashmoqda. Konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri magnetizm sohasini rivojlantirish va ushbu soha orqali insoniyat kelajagi uchun foydali kashfiyotlarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Besh kun o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiya spintronika va magnitotransport hodisalari, yuqori chastotali xususiyatlar va metamateriallar, magnit xotiraga ega bo‘lgan qotishmalar va magnitokalorik effekt, biotibbiyot magnetizmi sohasida ishlatiladigan elementlarning fizik xossalarini o‘rganish kabi sho‘’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettiradi,  deya xabar bermoqda Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.