Samarqandda Mustaqilligimizning 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi

Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Dunyodagi har bir xalq, har bir davlat hayotida unutilmas, tarixiy kunlar bo‘ladi. Biz uchun 1 sentyabr - O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligi kuni ana shunday muhim sana. Har yili ushbu kunni xalqimiz ko‘tarinki kayfiyatda, yurtimizda yashovchi barcha millat va elatlar bilan hamjihatlikda nishonlaydi.

Bu yil ham shahar va qishloqlarimizda mustaqillining 31 yilligi keng nishonlanmoqda. Bayram tadbirlari mamlakatimiz Taraqqiyot strategiyasining asosini tashkil etuvchi “Inson qadri uchun!” g‘oyasiga monand “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan ezgu shior ostida o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Tantanali marosim avvalida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tadbir ishtirokchilari va viloyatimiz ahlini bayram bilan tabrikladi.

- Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ilgari surilayotgan g‘oya va tashabbuslar zamirida, avvalo, inson qadri, inson manfaati ustuvor, - dedi viloyat hokimi. - Islohotlarning samarasi ko‘z o‘ngimizda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shahar va qishloqlarimiz yil sayin yangi qiyofaga kirib, aholining turmush farovonligi yaxshilanmoqda.

Xalqimizda uyi borning o‘yi yo‘q, degan gap bor. Ayni shu yo‘nalishda keyingi yillarda viloyatimizda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida har yili yuzlab yangi uy-joylar qurilmoqda. Birgina 2022 yilda aholining muhtoj qatlamini arzon uy-joylar bilan ta’minlash dasturlariga muvofiq, 4 ming 420 xonadonli 90 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilmoqda. Ipoteka dasturlari doirasida 14 ta massivda 3 ming 126 xonadonli uy-joylar qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ana shu ishlar samarasida yil boshidan buyon 208 nafar xotin-qiz hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan va mehribonlik uylarining 40 nafar tarbiyalanuvchilari uy-joy bilan ta’minlandi.

Yaqinda viloyatimizda hurmatli Prezidentimiz ishtirokida yana bir muhim ob’yekt - “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi ochildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qisqa fursatda 250 gektar maydonda yangi, ko‘rkam bir shaharcha, sayyohlik maskani bunyod etildi.

Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda tengi yo‘q, deb e’tirof etilgan bu majmuadagi jahon standartlariga mos mehmonxonalar va kongress markazi, xalqimizning tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini namoyon etuvchi “Boqiy shahar” majmuasi va yana ko‘plab boshqa inshootlar Samarqandning turistik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu maskan Samarqandning yer yuzi sayqali sifatidagi obro‘-e’tiborini oshirib, O‘zbekistonning yangi darvozalaridan biriga aylanadi.

Viloyat hokimi bunyodkorlik ishlarida faol qatnashgan barcha quruvchilarga, muhandis va texniklarga, butun viloyatimiz ahliga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, yaqinda Samarqandda o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro tadbir – Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitida viloyatimiz ahli o‘zining yuksak madaniyati, ma’naviyati va tashkilotchiligini ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

– Aslida insonning baxtli va farovon yashashi uchun ko‘p narsa kerak emas, – dedi o‘z so‘zi davomida E.Turdimov. – Yurtda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, mehnat qilib, rizq topish uchun sharoit yaratish, har bir insonga o‘z kuch va salohiyati, iqtidorini namoyon etishi uchun imkoniyat berish lozim. Bugun ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘i orqali dunyoning deyarli ko‘p joylarida, notinchliklar sodir bo‘layotgani, u yoki bu ko‘rinishdagi inqirozlar kuzatilayotganidan xabardor bo‘lib turibmiz.

Yaratganga shukrki, tinchlik-xotirjamlik hukm surayotgan O‘zbekistonda davlat o‘zining zimmasidagi vazifalarni bajarib, aholi uchun barcha imkoniyatlarni kafolatlab qo‘ydi. Har bir inson o‘ziga munosib mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.

Tadbir sportchilar, yosh iste’dod egalarining chiqishlari, taniqli san’atkorlarning Vatanni, tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.

Ko‘hna kentda va viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).