Samarqandda odam DNKsi bo‘yicha ham ekspertizalar o‘tkaziladi

Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi viloyat bo‘limining yangi binosi ochildi.
Markaz rahbariyati, viloyat sud-huquq tartibot organlari mutasaddilari hamda keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda sud ekspertizalarining samaradorligini oshirish, sohani yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlash orqali odil sudlovni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida 2020 yil 28678 ta ekspertiza, 923760 ta ob’yekt bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021 yilda 33391 ta ekspertiza, 1 million 659,5 mingta ob’yekt bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Xususan, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi mazkur yo‘nalishda Markaziy Osiyoda birinchi tashkil etilgan laboratoriya hisoblanadi.
Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida 22 ta ekspertiza turi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi. Laboratoriyada o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning aksariyatini neft mahsuloti, lok-bo‘yoq qoplamalari, boshqa tur ob’yektlar (mineral o‘g‘itlar, kislotalar, zaharli kimyoviy moddalar, tabiati noaniq bo‘lgan moddalar) hamda mikrotolalar sud ekspertiza tadqiqotlari tashkil etadi. Bundan tashqari, laboratoriyada giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bo‘yicha ham ekspertiza tadqiqotlari amalga oshiriladi.
- Sud-huquq islohotlari doirasida joriy yilning 11 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining markaz faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi, - deydi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi rahbari Akram Xalilov. - Qarorda boshqa vazifalar qatori Samarqandda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalarini tashkil qilish belgilangandi.
Joriy yilning 1 iyul kunidan Samarqand shahrida odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi hamda materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dastlabki ekspertiza xulosalari rasmiylashtirildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirok etdi.
Yoqubjon Marqayev.