Samarqandda o‘g‘lining qilmishini yashirish uchun IIB xodimiga pora taklif qilgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Olingan tezkor ma’lumotga asosan 2020 yil 26 avgust kuni Samarqand tumani IIB JQB xodimlari tomonidan fuqaro I.ning yashash uyi va yordamchi xo‘jaliklarida o‘tkazilgan tintuv tadbiri davomida bir dona rangsiz sellofan bo‘lakchasiga qadoqlangan, sof og‘irligi 0.22 grammga teng “Gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.
Tadbir vaqtida fuqaro I. yashash uyidan noma’lum tomonga qochib ketgan.
Shu kuni soat 19:00 larda Samarqand tumani IIB xodimining oldiga o‘zini gumon qilinuvchi I.ning onasi deb tanishtirgan Z. kelib, o‘g‘lining xonadonidan giyohvandlik vositasi topilganligi uchun ishni pul evaziga ijobiy hal qilib berishni so‘ragan.
IIB xodimi ayolga giyohvandlik vositalari bilan muomala qilish jinoyat ekanligi, bu holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilganligini, o‘g‘lini tergov harakatlariga jalb qilish uchun olib kelishini aytishiga qaramasdan, o‘g‘lining ishini hal qilib berishini, buning evaziga qo‘l barmoqlari yordamida uch raqamini ko‘rsatib, 3.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni taklif qilgan.
Xodim fuqaroning bu harakati noqonuniyligi, pora berish, olish, olish-berishda vositachilik qilish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramasdan, Z. 3.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni 27 avgust kuni soat 10:00 da olib kelishini aytib, chiqib ketgan.
Tuman IIB xodimi viloyat IIBga bildirgi bilan murojaat qilib, yuqoridagi holatni bayon qilgan.
Mazkur bildirgiga asosan 2020 yil 27 avgust kuni IIV o‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro Z. o‘g‘li I. tomonidan sodir etilgan jinoyat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga IIB xodimiga xizmat xonasida 4000 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.