Samarqandda O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi
Prezidentmizning 2020 yil 13 oktyabrdagi “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tarkibida O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Muassasa O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi ilmiy markazi negizida faoliyat yuritadi va uning zamonaviy laboratoriyalarga ega bo‘lgan mintaqaviy filiallari tashkil qilinadi.
Markaz va uning mintaqaviy filiallari fitosanitar xavf tahlilini o‘tkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar tayyorlaydi. Karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar o‘choqlarini yo‘q qilish va ulardan holi bo‘lgan hududlarni belgilash, tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha dasturlarni va diagnostikasi ekspress-usullarini hamda qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqadi. Zararli organizmlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sirini ilmiy jihatdan o‘rganadi, ularni zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqadi va yangi turdagi entomofaglar yaratadi. Inspeksiya xodimlariga, tadbirkorlik sub’yektlarining agronom hamda entomologlariga bilim beriladi, ularning malakasini oshiriladi va qayta tayyorlanadi. Markaz va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlarini tatbiq etish vazifalari qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 noyabrdan eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, tayyorlash va qadoqlash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga o‘simliklar karantini davlat inspektorlari biriktiriladi. Ular mahsulotlarni xorijiy davlatlar fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiradi, maslahatlar va amaliy yordam beradi. O‘z hududida aniqlangan zararli organizmlar hamda fitosanitar dala nazoratini o‘tkazish to‘g‘risida inspeksiyaga ixtiyoriy murojaat qilgan va ularning oqibatlarini bartaraf etgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
2021 yil 1 yanvardan xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan, akkreditatsiyadan o‘tgan, karantin laboratoriyalari tomonidan eksportga yuklanayotgan meva-sabzavot mahsulotlariga va boshqa materiallarga xulosa berishga ruxsat beriladi.
2021 yil 1 apreldan xorijiy mamlakatlardan mahsulotlarni olib kirgan transport vositalari yukxonalarini karantin nazoratidan o‘tkazish va “detektor – xizmat it”laridan foydalanish hamda zarur hollarda fumigatsiya qilish (zararsizlantirish) tizimi joriy qilinadi.
2020-2023 yillarda viloyat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Viloyat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va tumanlarda 2020-2021 yillarda tashkil etiladigan o‘simliklar klinikalari, biolaboratoriyalar va qadoqlash sexlarining prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Markazga biriktiriladigan muassasalar qoshida urug‘lar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha karantin laboratoriyalari tashkil qilinadi.
Yil yakuniga qadar “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimini “Yagona darcha” bojxona axborotlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish ishlari to‘liq yakunlanadi. Unga fermer va dehqon xo‘jaliklari, bog‘-tokzorlar, aholi tomorqalari, ob-havo to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi. Dekabrga qadar “e-Fitouz” tizimi bazasida “daladan eksportgacha” bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi tizim yaratiladi va ishga tushiriladi.
Shuningdek, hujjat bilan karantindagi va eksportga salbiy ta’sir etuvchi boshqa xavfli zararli organizmlar tarqalgan hamda ulardan holi bo‘lgan hududlarning elektron xaritalari yuritilishini joriy qilish va “daladan eksportgacha” bo‘lgan zanjirda “bar-kod” tizimini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Akram FOZILOV,
viloyat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi axborot xizmati.