Samarqandda o‘tgan nogironligi bor shaxslar yaratgan mahsulotlar yarmarkasida  388 million so‘mlik mahsulotlar sotildi

Nogironligi bor kishilar yasagan mahsulot yoki buyumlarda go‘zallik va qulaylikdan tashqari mehr borligini ham sezasiz. Shu sababli ular yasagan mahsulotlarni havas bilan sotib olasiz.

Nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarning V respublika savdo yarmarkasiga tashrif buyurganlar bu gal ham ana shunday taassurot bilan qaytdilar. Darvoqe, Samarqanddagi Registon maydonida uyushtirilgan bu tadbir nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik mehmonlarda ham qiziqish uyg‘otdi.

Adliya vazirligi tomonidan Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda  «Biz birgamiz!» ijtimoiy loyihasi asosida tashkil etilgan yarmarkada mamlakatimizning barcha hududlaridan 70 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z hunarmanchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi. 

– Ushbu yarmarkadan maqsad nogironligi bor vatandoshlarimiz tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni sotishda ko‘maklashish, ularni kasb-hunar egallashga rag‘batlantirishdan iborat, - deydi Adliya vazirligi mutaxassisi Avazbek Madaminov. - 2018-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan bu ijtimoiy loyiha joriy yil birinchi marta Samarqandda o‘tkazildi. Avvalgi yarmarkalardan farqli ravishda bugun kashtachilik, qandolatchilik, duradgorlik va xalq hunarmandchiligining boshqa ko‘plab turlaridagi mahsulotlarni ko‘rishimiz mumkin. Ushbu loyihani rivojlantirgan holda kelgusida  har bir viloyat markazida bittadan nogironligi bor shaxslar yaratgan mahsulotlar do‘konini tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, ushbu mahsulotlarning onlayn savdosi yo‘lga qo‘yiladi. Bu ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni ko‘proq sotish imkonini beradi.

Buxorolik Dilrabo Namozova qo‘li gul zardo‘z. U yarmarkaga 20 dan ortiq qo‘l mehnati bo‘lgan zardo‘zlik mahsulotlarini olib kelgan.   

Shifokor edim, yigirma yil avval baxtsiz tasodif tufayli I guruh nogironi bo‘lib qoldim, - deydi Dilrabo opa. - Bu ham Yaratganning sinovi. Nogironlik aravachasida o‘tirib bo‘lsa-da, zardo‘zlik hunarini o‘rgandim. Buxoro shahrida “Dilrabo chevarlari” o‘quv kursini tashkil qildim. Chevarlik kursida imkoniyati cheklangan shaxslarga bepul, sog‘lom kishilarga pullik xizmat asosida hunar o‘rgataman. Bugun yarmarkaga olib kelgan mahsulotlarim o‘z xaridorini topganidan xursand bo‘ldim. Bu kabi yarmarkalar bizga mashaqqatli mehnat samarasini ko‘rsatadi, eng muhimi, hayotimizga iliqlik olib kiradi.

Ikki kun davom etgan yarmarkada hunarmandlar 388 million so‘mdan ortiq qiymatdagi mahsulotlarini sotishga erishdi. Tadbir yakunida har bir ishtirokchiga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

S.MARDIYeV,

B.MUSTANOV (surat).