Samarqandda o‘tgan yil yoshlar ikkita qotillik jinoyati sodir etgan
Oltita og‘ir tan jarohati yetkazish, 2 ta nomusga tegish, 70 ta o‘g‘irlik, 8 ta talonchilik, 1 ta bosqinchilik, 70 ta firibgarlik, 3 ta tovlamachilik, 15 ta bezorilik, 3 ta transport vositasini olib qochish jinoyatlari ham 2018 yilda Samarqand shahri yoshlari tomonidan sodir etilgan. Albatta, ushbu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Ammo yoshlar ishtirokida bitta bo‘lsa ham jinoyat yuzaga kelishi o‘sha navnihol, uning ota-onasi uchun fojia, jamiyat uchun illat.
Samarqand veterinariya-meditsinasi institutida “Barchasi o‘z qo‘lingda!” targ‘ibot dekadasi doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda Samarqand shahrida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, bunday yo‘lga kirib qolgan yoshlarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi. Bu jarayonda ta’lim muassasalari, mahallalar, huquq tartibot idoralari, yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlarning o‘rni haqida so‘z yuritildi.
Samarqand shahar hokimligi, viloyat xalq ta’limi, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, oliy o‘quv yurtlari va yoshlar ittifoqi mas’ul xodimlari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarni tahlil etib, joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, tadbirda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida yoshlarning bandligini ta’minlash, shahardagi tungi klub va internet kafelar faoliyatini tartibga solish, o‘quvchi va talaba yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri maqsadlarda foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasi ishini jonlantirish lozimligi ta’kidlandi.