Samarqandda O‘zbekiston - Janubiy Koreya xalqaro tibbiyot forumi o‘tkaziladi
Sog‘liqni saqlash vazirligida Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda ikki davlat o‘rtasida tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ta’kidlaganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 16-18 dekabr kunlari Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat rahbarlari huzurida sog‘liqni saqlash sohasida hukumatlararo bitim imzolangani soha rivojida muhim bosqich bo‘lmoqda.
Endilikda ushbu hujjatga muvofiq, tibbiyot yo‘nalishidagi o‘zaro munosabatlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotgani e’tirofga loyiq jihat.
Yurtimizda Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi, Buxoroda faoliyat olib borayotgan Himchan klinikasi ikki tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir. Quvonarlisi, endilikda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish uchun har ikki tomonda imkoniyat va salohiyat yetarli.
Muloqotda Janubiy Koreyaning Eksinbanki bilan birgalikda poytaxtimizda kattalar uchun mo‘ljallangan loyiha qiymati qariyb 150 million AQSh dollarilik ko‘p tarmoqli klinika, 150 million dollarlik zamonaviy onkologiya shifoxonasi va Koreya universitetlari ishtirokida tibbiyot oliy o‘quv yurti bunyod etish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Elchi janoblari har uch muassasaning yaxlit kompleks o‘laroq bir manzilda, ya’ni Bolalar milliy tibbiyot markazi yonida bunyod etilishini qo‘llab-quvvatlab, bu ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Binobarin, mamlakatimiz hududlarida joylashgan sog‘liqni saqlash muassasalarini Janubiy Koreya mablag‘lari hisobidan 88,8 million AQSh dollarilik so‘nggi rusumdagi tibbiy jihoz va texnologiyalar bilan ta’minlash loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, Janubiy Koreya tibbiyot sohasida dunyoning peshqadam davlatlaridan biri. Bu, avvalo, mamlakatda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash borasida yo‘lga qo‘yilgan innovatsion o‘quv metodikalari va ilg‘or ta’lim dasturlari bilan bog‘liq.
Shundan kelib chiqib, tomonlar yurtimizda qo‘shma tibbiy ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, biotexnologiya laboratoriyalarini tashkil etish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirishga qaratilgan takliflarni muhokama qildi.
Yakunda joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston - Janubiy Koreya tibbiyot forumini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi.