Samarqandda “O‘zbekiston-Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi” ish boshladi
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “O‘zbekiston Koreya kartoshka urug‘chiligi markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun shu yil mart oyida O‘zbekiston va Janubiy Koreya qishloq xo‘jalik vazirliklari hamda ikki davlat tegishli idoralari bilan hamkorlikda shartnoma imzolangandi. Shartnomaga ko‘ra, Janubiy Koreyaning 4,3 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, sohani rivojlantirish maqsadida viloyatda kartoshka yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish borasida faoliyat olib borayotgan “GS Bio” qo‘shma korxonasi, Koreyaning “Xalqaro Kartoshkachilik Instituti” hamda institut o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandum imzolangan.
12-15 sentyabr kunlari loyiha hamkorlari — Janubiy Koreyadagi tegishli tashkilotlarning mutaxassislaridan tashkil topgan ekspertlar guruhi tashrif buyurdi. Tashrif davomida mutaxassislar viloyatda kartoshka urug‘chiligi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, kartoshka urug‘chiligining bugungi holatini o‘rganishdi. Shu bilan birga institut olimlari va tadqiqotchilari ishtirokida 13-14 sentyabr kunlari kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish istiqbollari, in-vitro laboratoriyasi, issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazildi hamda sohani rivojlantirish yuzasidan ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Kelgusida institut olimlari Koreyaning qishloq hududlarni rivojlantirish koorporatsiyasida kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakasini oshiradi. Koreyalik professorlar tomonidan 3-4 bosqich talabalariga ma’ruza va amaliy mashg‘ulot darslari tashkil etiladi.