Samarqandda “O‘zbekiston-Osiyo – 2023” VI Osiyo talabalar forumi boshlandi
To‘rt kun davom etadigan xalqaro forum Samarqand davlat universiteti va Oltoy davlat universiteti hamkorligida o‘tmoqda.
Samarqand davlat universiteti rektori, fan arbobi, senator, Osiyo universitetlari assotsiatsiyasi prezidenti Rustam Xolmurodov yoshlar hayotda, jamiyatda muhim o‘rin tutishini, ayniqsa, ilm olayotgan talabalar kelajak yaratuvchilari ekanini ta’kidladi. Yoshlar jamoat birlashmalari va tashkilotlarini rivojlantirishda yosh liderlarning roli ortib bormoqda.
Forumda talabalar hamkorligini kengaytirish va rivojlantirishga yordam beradi. Ta’lim, ilmiy, madaniy, kasbiy faoliyatning turli sohalarida talabalar va Osiyo mamlakatlari ijodkor faol yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘ziga xos muloqot maydoniga aylanadi.
An’anaga muvofiq forum koordinatori Oltoy davlat universiteti forumni qabul qiluvchi Samarqand davlat universitetiga anjumanning faoliyatini baholash uchun reyting daftarchasini topshirdi.
Tadbirning ochilishida talabalar o‘zlarining milliy kuy-qo‘shiqlarini ham namoyish qildi.
Anjuman chegarasiz bilim olish imkoniyatlari, ilmiy va innovatsion inqilob orqali kelajak sari, tarixsiz kelajakni qurib bo‘lmaydi, talabalarning ijtimoiy ittifoqlari va loyihalashtirish, axborot dunyoni o‘zgartiradi, talabalar ommaviy axborot xizmati kabi sho‘’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirmoda.
- Janubiy Qozog‘iston davlat universitetidan keldik, - deydi Kamila Yessingeldinova. - Ilk bor xalqaro forumda ishtirok etmoqdaman. Barcha talabalarning kayfiyati a’lo darajada. Forumda bir qator do‘stlar orttirdik. Menejment sohasida o‘qishim bois ilmiy va innovatsion inqilob orqali kelajak sari nomli sho‘’bada ishtirok etdim. Yaxshi ma’ruzalarni eshitdim va bu foydali bo‘ldi. Ushbu ma’lumotlarni chuqurroq o‘rganib, ilmiy ish qilishni niyat qildim.
- Forum doirasida qadimiy va navqiron Samarqand shahrini ko‘rishga muyassar bo‘ldik, - deydi O‘sh davlat universiteti talabasi Zilola Rahimova. – Osiyo talabalarini birlashtirgan forumda xalqlarning milliy urf-odati, madaniyatini ko‘rdik, o‘zaro fikr almashdik. Kelajakda hamkorlikda bir qator ilmiy va xalqaro loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldik.
- Xalqaro forum O‘zbekistonda ilk bor bizning universitetimizda o‘tkazilishi menga iftixor bag‘ishladi, - deydi SamDU Muhandislik fizikasi instituti talabasi Nafisa Rahmonova. – Forum doirasida fizika sohasiga qiziqadigan va ilmiy ish olib borayotgan xorijlik talabalar bilan tanishdim. Bir-birimiz bilan hamkorlik qilishni rejalashtirdik.
Xalqaro forum davom etmoqda.
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.