Samarqandda pedagoglar attestatsiyasi bo‘lib o‘tmoqda

Ayni kunda maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ikki yildan beri respublikamizning barcha hududlarida pedagoglar attestatsiyasi bir vaqtning o‘zida o‘tkazib kelinmoqda.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, sinovlar ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi.

Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.

Pedagoglarning kuzgi attestatsiyasi xuddi bahorgisi singari bo‘ladi. Ya’ni, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida navbatdan tashqari va navbatdagi attestatsiya jarayonida qatnashib, 86 va undan yuqori ball olgan o‘qituvchilarga 70 foiz ustama beriladi.

Attestatsiyadan o‘tish uchun pedagog kadrlardan 1 avgustdan 1 oktyabrga qadar hujjatlar qabul qilingan. Bugungi kungacha viloyat bo‘yicha attestatsiya jarayonlarida qatnashish uchun jami 30 mingga yaqin hujjat kelib tushgan, ularning 20 ming 835 tasi qabul qilingan, qolgan o‘qituvchilarning hujjatlari noto‘g‘ri kiritilganligi uchun qayta tahrirga yuborilgan.

Attestatsiya jarayonlari joriy yilning 21 noyabr kuniga qadar davom etadi.      

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 62 ming 556 nafar pedagog bo‘lib, shundan 6745 nafari oliy, 11570 nafari 1-toifali, 13780 nafari 2-toifali, 21167  nafari mutaxassis, 9294 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlardir.