Samarqandda pensiya yoshiga yetgani tufayli mehnat shartnomasi bekor qilingan oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi ishga tiklandi
Unga ma’naviy zarar va majburiy qoldirilgan kunlar uchun ish haqi undiriladi.
Aslida gap fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida Samarqand shahar sudining 2018 yil 14 maydagi hal qiluv qaroriga nisbatan A.Alimov (ism, familiyalar shartli) keltirgan kassatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish haqida ketmoqda.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, institutning 2018 yil 23 martdagi 68-sh-sonli buyrug‘iga asosan da’vogar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-bandiga ko‘ra (ya’ni xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda) bekor qilingan. Da’vogar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni haqiqatda u pensiya yoshiga yetgan va pensiyaga chiqish uchun yetarli ish stajiga ega bo‘lgan.
Mehnat kodeksining 101-moddasi 1-qismiga ko‘ra, basharti jamoa kelishuvi yoki shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday rozilikni olmay turib bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kodeksning 100-moddasiga ko‘ra, nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga kadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosli bo‘lishi shart.
Ishdagi Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, mehnat huquq inspektori va boshqalar tomonidan ish beruvchining xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘ining qonuniyligi o‘rganilganda mehnat shartnomani bekor qilish haqidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy chiqarilganligi belgilangan.
Unga ko‘ra, institut birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi rayosatiga institut rektorining Mehnat kodeksi 100-moddasi 2-qism 7-bandiga asosan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik so‘rab bergan taqdimnomasi rayosat yig‘ilishida mehnat shartnomasi bekor qilish ko‘zda tutilgan xodim A.Alimov va boshqalar ishtirok etmagan. Bunday holatda kasaba uyushma mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berishga haqli emas. Shuningdek, A.Alimov bilan mehnat shartnomasi o‘quv yilining o‘rtasida bekor qilish maqsadga muvofiq emas va mehnat shartnomani bekor qilish uchun asoslar yetarli emasligi belgilangan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 108-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasi va mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart. Ishdagi javobgar tomonidan chiqarilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruq bilan xodim tanishtirilmagan. Xodim buyruqni olishdan bosh tortganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas.
FPK 375-moddasi 1-qismining 1.4-bandlariga ko‘ra, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi, moddiy huquq yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi sud hujjatini bekor qilishga yoki o‘zgartirishga asos bo‘ladi.
Oliy sud Plenumining 1998 yil 17 aprel kunidagi “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi 12-sonli qarorining 46-bandiga asosan mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy bekor qilingan yoki g‘ayriqonuniy boshqa ishga o‘tkazilgan hollarda xodim avvalgi ishiga tiklanishi shart.
Mehnat kodeksining O‘zbekiston Respublikasi MKning 112-moddasiga ko‘ra, ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.
Zararni qoplash:
- majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash shartligidan;
- ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lashdan iborat.
Ish yuzasidan yangi hal qiluv qaroriga asosan institutning 2018 yil 23 mart kuni chiqarilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyrug‘i g‘ayriqonuniy, deb topilib, bekor qilindi.
Sud A.Alimovning institut ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi lavozimiga tiklanishi va qarorni ishga tiklash qismi darhol ijroga qaratilishi belgilangan ajrim chiqardi.
Shuningdek, institutdan A.Alimov foydasiga bekor yurgan kunlari uchun 10 million 870 ming 986 (summadan soliq va majburiy to‘lovlar chegirilgan holda) so‘m haq va 1 million so‘m ma’naviy zarar undirish ko‘zda tutildi.
Bundan tashqari, 880 839 so‘m davlat boji ham institutdan undiriladigan bo‘ldi.
F.QARShIYeV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.