Samarqandda qizil toifadagi maktablar soni kamaydimi?
Bugungi kunda viloyatda jami 1262 ta maktab mavjud bo‘lib, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi, ya’ni to‘plagan o‘rtacha baliga qarab yashil, sariq, qizil, to‘q qizil maktablar toifalarga ajratiladi. DTM sinovlarida bitiruvchilari past natija ko‘rsatgan maktablar to‘q qizil toifaga kiritilgan.
Joriy yilda viloyatda qizil toifadagi maktablar soni 120 taga kamaygan. 2020-2021 o‘quv yilida qizil toifadagi (DTM test sinovlaridan 56,7 baldan 76,5 balgacha to‘plagan) maktablar soni 804 ta bo‘lsa, 2021-2022 o‘quv yilida 684 tani tashkil etgan.
Sariq toifadagi maktablar (DTM sinovlarida 75,6 baldan 94,4 balgacha) soni esa o‘tgan yilga nisbatan 104 ta ko‘paygan. Ya’ni, 2020-2021 o‘quv yilida ularning soni viloyatda 344 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021-2022 o‘quv yilida 448 taga yetgan. Quvonarlisi, yashil toifadagi maktablar (DTM sinovlarida 94,5 baldan yuqori ball to‘plagan) soni joriy yilda 11 taga ortgan. Tahlillarga murojaat qilsak, 2020-2021 o‘quv yilida 27 ta maktab yashil toifadagi maktablar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, 2021-2022 o‘quv yilida ularning soni 38 taga yetgan.
Viloyat bo‘yicha to‘q qizil (56,7 baldan past ball to‘plagan) maktablar soni joriy yilda 67 tani tashkil etmoqda. Hozirda qizil va to‘q qizil toifadagi maktablar sonini kamaytirish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilda mutaxassis va ikkinchi toifali 8000 nafardan ortiq o‘qituvchilar “mobil metodik guruhlar”da oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, shuningdek, oliy hamda birinchi toifali o‘qituvchilar tomonidan o‘qitildi. Bundan tashqari, viloyatdagi pedagog mutaxassislar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda “mobil metodik guruhlar”ning trenerlari ko‘rsatkichi past maktablarga biriktirilgan. Shuningdek, barcha maktablarda abituriyentlar shtablari tashkil etilgan. Ushbu shtablarda Davlat test markazi bilan hamkorlikda test sinovlari tashkil etilmoqda.
Baxtigul Qarshiyeva,
viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi.