Samarqandda Qozog‘istonning Bosh konsulxonasi ochildi

Samarqand shahrida Qozog‘iston Respublikasining Bosh konsulxonasi ochilish marosimi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘istonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.

– Samarqandda Bosh konsulxonamizning tashkil etilishi Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlarining ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va azaliy do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari mahsulidir, – dedi Qozog‘iston elchisi Darxan Satibaldi o‘z tabrik so‘zida. – Ayniqsa, keyingi besh yilda davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumantar sohalardagi hamkorlik kuchaydi. Bugungi kunda Qozog‘istonda O‘zbekistonning ikkita konsulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz Bosh konsulxonamiz uchun Samarqandni tanlashimiz bejiz emas. Chunki bu shahar O‘zbekistoning yirik tarixiy-madaniy markazlaridan biri, iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi yuqori hududi hisoblanadi. Xususan, sayyohlik borasida Samarqandda katta imkoniyatlar mavjud. Biz kecha viloyatdagi bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishib, ularning Qozog‘iston bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Xususan, yaqinda Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtobuslardan 50 tasi Turkiston shahriga yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar yana 200 ta shunday avtobus xarid qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, o‘tgan yil yakunida Samarqandda “Tengebank” filiali ish boshladi. Bosh konsulxonamiz bu aloqalarni yana ham rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.

  – Bu yil O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 29 yil to‘ladi, – dedi E.Turdimov marosimda. – O‘tgan yillar davomida davlatlarimizning yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan aloqalari mustahkamlandi. Ayniqsa, keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan bu hamkorlik yangi bosqichda davom etmoqda. Mazkur konsulxona ham buning natijasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, viloyatimizning Qozog‘iston bilan o‘zaro tovar aylanmasi 147 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bugungi kunda Samarqandda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi 15 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbir qatnashchilari konsulxonada yaratilgan sharoit, xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari bilan tanishdi.

– Samarqand nafaqat O‘zbekistonning, shu bilan birga O‘rta Osiyoning markazida, yirik transport chorrahasida joylashgani bilan muhim ahamiyatga ega hudud hisoblanadi, – dedi Qozog‘istonning Samarqanddagi Bosh konsuli Azamat Aubekov ommaviy axborot vositalari xodimlariga bergan intervyusida. – Bu esa mintaqa taraqqiyotida keng imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, Samarqandning turistik salohiyati ham katta. Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti viloyatga tashrifi chog‘ida Samarqandni bir millionli shaharga aylantirish va uning turistik jozibadorligini yana oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Shu va boshqa omillar mazkur tarixiy shaharda Qozog‘istonning Bosh konsulligini ochishga asos bo‘ldi. Konsulxonamiz Samarqand bilan birga mazkur mintaqaga yaqin viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi aholiga, qozoq diasporasi vakillariga, yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatadi.