Samarqandda qurilayotgan Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazi qachon foydalanishga topshiriladi?

Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi «Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Samarqandda zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazi tashkil etish belgilangan.

Ayni paytda Samarqand shahrida gimnastika markazini qurish ishlari boshlangan bo‘lib, quruvchi bosh pudratchi tashkilot – “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlar bajarilmoqda.

– Mazkur ob’yekt qurilishini 2023 yilda boshlaganmiz, – deydi “Agromir Buildings” MChJ injeneri Saidmurod Kunuzoqov. – Qurilishning birinchi bosqichida gimnastika zalini shu yilning fevral oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda binoning fasad va ichkarisida pardozlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda qurilishning ikkinchi bosqichida oshxona va yotoqxonalar qurilishi davom etyapti, uchinchi bosqichda esa ishlar to‘liq yakunlanadi va markaz joriy yilning may oyida to‘liq qurib bitkaziladi.

Viloyatimizda bugungi kunda 160 nafarga yaqin murabbiy qo‘l ostida 4,5 ming nafardan ziyod sportchi gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanadi. Viloyat gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi respublikada yetakchi bo‘lib, maktabning 25 nafar sportchisi milliy terma jamoaning asosiy va zaxira tarkibiga qabul qilingan. Bundan tashqari, tuman va shahar sport maktablarida gimnastika sport turlari bo‘yicha 20 ga yaqin bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Gimnastikachilarimizning 80 nafardan ortig‘i O‘zbekiston, 6 nafari Osiyo chempioni, 2 nafari Osiyo o‘yinlari g‘olibi, 2 nafari jahon kubogi chempioni va sovrindori bo‘lgan.

– Gimnastika markazi gimnastika sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi negizida barpo etilmoqda, – deydi ushbu maktab direktori Jasur Nurmonov. – Markaz sport zal, besh qavatli yotoqxona va oshxona hamda ma’muriyat binosidan iborat. Qarorga ko‘ra, inshoot Samarqand, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun xizmat qiladi. Yoshlar badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, sport akrobatikasi va trampolin turlari bilan shug‘ullanadi. Markazga 2025-2026 o‘quv yilidan 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 132 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchilar qabul qilinadi. O‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi va bitiruvchilarga gimnastika sport turlari murabbiyi mutaxassisligi beriladi. Asosiysi, gimnastika sport turlari rivojlanadi, yoshlarning sportga qamrovi oshadi, iqtidorli sportchilar seleksiya qilinib, terma jamoalarga yetkazib beriladi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.