Samarqandda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiali ochiladi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 28 iyuldagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda sportchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Nukus, Andijon, Buxoro va Samarqand shaharlarida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etiladi.
Hududlarda Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining mintaqaviy filiallari tashkil etilishi sportchilarning jismoniy holati va rivojlanishini doimiy nazorat qilib borish, ulardagi o‘tkir, surunkali kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash imkonini beradi, - deydi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi sport ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Bahodir Berdiqulov. – Ayniqsa, sport-ta’lim muassasalari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida sportchilarning kasallik va jarohatlarini davolash, bir yilda ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, shuningdek, ularga maxsus hamda kompleks tezkor tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ularning professional faoliyatiga ko‘maklashishda yordam beradi.
Qarorga muvofiq, viloyat hokimligi tomonidan bir oy muddatda Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan birgalikda Samarqand shahridagi davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan bino xatlovdan o‘tkaziladi. Shuningdek, markazning mintaqaviy filiallarini tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish, uch oy muddatda mintaqaviy filiallarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur jihozlar hamda tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.