Samarqandda sayyohlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bugungi kun talabiga javob beradimi?
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bugun ana shu savol bilan internet foydalanuvchilarga murojaat qildi.
E.Turdimovning feysbukdagi sahifasida qayd etilishicha, joriy yilning I choragida viloyatga 65 ming xorijiy, 402 ming mahalliy hamda 43 ta martabali delegatsiya tashrif buyurgandi.
Sayyohlar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida I chorakda 106 o‘rinli 4 ta yangi mehmonxona, 123 o‘rinli 13 ta mehmon uylari, 2 ta sog‘lomlashtirish maskanlari, 1 ta eko-agroturizm maskani, 1 ta axborot markazi va 3 ta zamonaviy sanitar gigiyenik shahobcha ishga tushirildi.
Tadbirkorlar tomonidan 12 ta avtobus, 13 ta mikroavtobus va 2 ta kvadrotsikl olib kelindi, 9 ta turistik yo‘nalishida yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi.
Sayyohlar geografiyasidan kelib chiqib, 18 ta turoperator hamda 46 ta gid-ekskursovod firmasi ish boshladi.
– Biroq, bizning tahlillarimiz bu boradagi ishlar bugungi kun talabiga javob bermasligini ko‘rsatmoqda, – deb yozadi viloyat hokimi. -Viloyatimizda turizmni yanada rivojlantirish borasida fikr, mulohaza va takliflaringizmi bormi? Unda biz bilan o‘rtoqlashing.
E’tiborlisi, qisqa vaqtda foydalanuvchilar ushbu postga munosabat bildirib, Samarqandda yo‘llarni tartibga kelitirish va ta’mirlash, taksilar faoliyatini tartibga solish, mehmonxonalarni ko‘paytirish, shaharda tunda sayr qilish uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha va boshqa o‘nlab takliflarni bildirgan.