Samarqandda sayyor qabul: kreditga bog‘liq, xizmatga oid va davolanish bo‘yicha murojaatlar ijobiy hal etildi
Kecha, 9 iyul kuni Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov boshchiligidagi mas’ul mansabdor shaxslardan iborat guruh Markaziy harbiy okrugning Samarqand shahrida joylashgan konsert zalida sayyor qabul o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qabul davomida Mudofaa vazirligi markaziy apparatidan iborat ishchi guruh barobarida okrug qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda harbiy pensionerlarning mavjud muammolari, talab, taklif va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga amaliy ko‘mak berish yuzasidan ish olib borildi.
Turfa murojaatlar bilan sayyor qabul guruhiga yuzlanayotgan yurtdoshlarimizning og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘lmoqda. Xususan, salomatligi tufayli yillar davomida aziyat chekib kelayotgan sakkiz nafar nafaqadagi harbiy xizmatchi hamda ularning oila a’zolariga Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida davolanish imkoniyati taqdim etiladigan bo‘ldi. Agar zarurat tug‘ilsa, hatto xorij shifoxonalariga ham yo‘llanma olishiga imkon bo‘lishiga va’da berildi.
O‘n sakkiz yarim yildan buyon Vatan tinchligi yo‘lida xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Xalil Hamroyev farzandining sog‘ligida muammolar borligi, Jizzax shahrida buni davolovchi shifokorlar mavjudligi hamda harbiy xizmatchining ushbu shaharda o‘z uyi borligi sabab murojaatchining xizmat joyi ko‘chiriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, iste’mol, ipoteka va avtokreditlarni olishda yuzaga kelayotgan muammolar ham joyida bartaraf etildi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettirish uchun hujjatlarini yuborgan sportchi Shernazar Zoitovning ishlari ham bu yog‘iga tezlashadi. Mudofaa vazirining o‘rinbosari bu borada mas’ul ofitserlarga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
Shuningdek, oila a’zolarini ishga joylashtirish, uy-joy, iste’mol, imtiyozli kreditlar va avtokreditlarni olishda yuzaga kelayotgan muammolarning hech biri e’tiborsiz qolmadi. Fuqarolarni qiynab kelayotgan 219 ta masalaning 23 tasi joyida hal etildi. Qolganlari tegishli tashkilot vakillari tomonidan nazoratga olindi.
Bundan tashqari, sayyor qabul Kattaqo‘rg‘on tumanida ham o‘tkazildi.