Samarqandda sport: g‘alabalar, natijalar, sovrinlar

Samarqand shahrida kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi o‘tkazildi.
Viloyatimiz vakili M.Nurmanova olimpiya raundi yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Umumjamoa hisobida ham sportchilarimiz yuqori o‘rinni egalladi.
***
Sambo
Samarqand shahrida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan va undan kichik yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida sambo hamda yoshlar va kattalar o‘rtasida jangovar sambo bo‘yicha viloyat ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz kechgan bahslarda viloyatimiz sambochilari birinchi o‘rinni egalladi. Navoiy viloyati jamoasi ikkinchi va andijonliklar uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
***
Oktyabr oyida Marokko qirolligining Kasablanka shahrida bo‘lib o‘tgan faxriy sportchilar o‘rtasida sambo bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida Samarqand tumanidan yoshlar murabbiysi, Javhar Jabborov ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, kumush medal bilan taqdirlandi.
Bellashuvda vakilimiz 62 kilogramm vazn toifasida 60-64 yoshlilar o‘rtasida yarim finalda rossiyalik raqibi Viktor Vershuk ustidan g‘alabaga erishgan bo‘lsa, finalda qozog‘istonlik Almas Musobekovga imkoniyatni boy berdi.
Zohir HASANZODA.
***
Jiu-Jitsu
Sportning yakka kurash turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan viloyat ochiq chempionatida respublikamizning 5 viloyatidan 200 nafar sportchi qatnashdi.
Musobaqada viloyatimiz sportchilari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent va Andijon viloyatlari vakillari ikkinchi, uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Husan ELTOYeV.
***
Akrobatika
Toshkent shahrida murabbiy N.Lakiza xotirasiga akrobatika bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli musobaqada viloyatimiz vakillaridan iborat o‘g‘il bolalar va qizlar juftligi ikkinchi va uchinchi o‘ringa loyiq topildi.
***
Shaxmat-shashka
Buxoro shahrida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha respublika jamoaviy va shaxsiy birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada Samarqand shahridagi 59-son ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojiz bolalar maktab-internati tarbiyalanuvchisi D.Jumanova shaxmat bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, mazkur maktab tarbiyalanuvchilari F.Mardiyev va Sh.Daminov ikkinchi, uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Bekzod AHMEDOV.