Samarqandda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda 494 holatda qonunbuzilishlar aniqlangan
Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom" talablariga rioya etilishi ahvoli elektron tizim orqali o‘rganildi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, subsidiya ajratish to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda komissiya va ijtimoiy mezonlar bo‘yicha baholovchi tashkilotlar tomonidan 494 holatda davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi va muddatlari buzilganligi aniqlandi.
Masalan, fuqaro Ikromjon Narzullayevning 2020 yil 29 iyundagi arizasi bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning baholash natijalari 2020 yil 30 iyun kuni komissiyaga taqdim etilgan. Biroq Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi huzuridagi maxsus komissiya mas’ul kotibi Jahongir Rahimjonov tomonidan murojaatni ko‘rib chiqishda Nizomda belgilangan 7 kunlik muddat buzilgan.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan boshqarma boshlig‘ining qaroriga asosan J.Rahimjonovga 669 ming so‘m jarima jazosi belgilandi.
Viloyatda shu kabi qonunbuzilishi holatlari yuzasidan vakolatli idoralar rahbarlari nomiga 3 ta taqdimnoma, 144 ta ogohnomalar kiritilgan. Shuningdek, 11 nafar aybdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, 7 million 359 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar undirilishi belgilandi.
Sanjar Cho‘liyev,
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.