Samarqandda tayanch maktablar faoliyati qoniqarlimi?

Viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov rahbarligida viloyatdagi Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tayanch maktablarning holati, faoliyatini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i G‘.Boboxolov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Q.Saidov, viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori A.Ibragimov, tuman (shahar) studiyalarida esa hokim o‘rinbosarlari, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari hamda maktab direktorlari ishtirok etdi.

Viloyatda 1247 ta maktabda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishni tashkil etish bo‘yicha maktablarning geografik joylashuvi va o‘qituvchilar sifat tarkibidan kelib chiqib, tuman, shaharlar kesimida jami 32 ta tayanch maktablar belgilangan.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 ta, Samarqand shahar, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq, Paxtachi, Toyloq, Samarqand tumanlarida 2 tadan, Urgutda 3 ta tayanch maktablar tashkil etilgan.

32 ta tayanch maktabga jami 656 ta kompyuter berilgan bo‘lib, shundan 579 tasi yangi, qolgan 77 tasi talabga javob bermaydi.

Tayanch maktablarning 20 tasi optik tolali internet tarmog‘iga ulangan bo‘lsa, qolgan 12 ta tayanch maktab optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan.

Jumladan, Narpayda 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Oqdaryoda 41-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Paxtachida 17- va 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Urgutda 34-, 128-, 136-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Nurobodda 10- umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Past Darg‘om 56-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Bulung‘urda 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va Jomboy tumanidagi 20- umumiy o‘rta ta’lim maktabi optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan.

Tayanch maktablarda jami 2061 nafar oliy ma’lumotli o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Shundan:

121 nafari oliy toifali (6,1 foiz);

295 nafari birinchi toifali (14,4 foiz);

575 nafari ikkinchi toifali (27,6 foiz);

1070 nafari mutaxassis (51,8 foiz) pedagoglardir.

Tayanch maktablar va ularga biriktirilgan tarmoq maktablarni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2020 yilda mavjud pedagogika yo‘nalishidagi Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Onlayn yig‘ilishda qayd etilgan muammo va kamchiliklar yuzasidan tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va maktab direktorlariga muhim topshiriqlar berildi. Kelgusida ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan alohida nazorat olib borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.