Samarqandda tayyorlangan mahsulotlar dunyoning 65 davlatiga sotildi
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar dunyoning 80 dan ortiq davlatiga eksport qilinmoqda va eksport geografiyasi kengayishda davom etmoqda. Viloyatimizdan eksport qilingan mahsulotlar esa 2024 yilgi ko‘rsatkichlar bo‘yicha dunyoning 65 davlatiga sotildi. O‘tgan yilning o‘zida 13 ta yangi bozor o‘zlashtirildi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2024 yilda viloyatimizdan 716,2 million dollarlik (499,5 million dollar sanoat mahsulotlari va 216,7 million dollar qishloq xo‘jaligi) mahsulotlar eksportga chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 127 foizga yoki 153,8 million dollarga ko‘p eksport qilindi. Yil davomida 589 ta korxona tomonidan jami 720 turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Mahsulotlarning asosiy turlari bo‘yicha oladigan bo‘lsak, meva-sabzavot mahsulotlari - 216,9, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar - 161,5, to‘qimachilik mahsulotlari - 121,5, oziq-ovqat mahsulotlari - 116,1 va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti - 100,2 million dollarni tashkil etdi.
Shuningdek, Tailand, Keniya, Kanada va ilk bor Barbados kabi yangi bozorlar o‘zlashtirilib, eksport geografiyasi yanada kengaytirildi. Jumladan, eksport hajmi asosiy hamkor davlatlardan Rossiya - 266,5, Xitoy - 121,4, Turkiya - 53,5, Tojikiston - 51,1, Qozog‘iston - 42,8 hamda boshqa davlatlarga - 180 million dollarni tashkil etdi.
Eksport faoliyatiga yangidan 180 ta korxona jalb qilinib, ular tomonidan 67,1 million dollarlik mahsulotlar Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, AQSh, Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilindi. 15 ga yaqin yangi turdagi mahsulotlar eksportga chiqarilib, ularning hajmi qariyb 30,1 million dollarni tashkil etdi. Jumladan, Xitoy davlatiga parranda oyoqchalari eksporti yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar 26,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Amerika Qo‘shma Shtatlariga 20 ming dollarlik tibbiyot mahsulotlari (antibiotiklar) va kosmetika mahsulotlari yetkazib berildi.
Xitoy Xalq Respublikasiga eksport hajmlarini yanada oshirish maqsadida ushbu davlatning bojxona maxsus xizmati ro‘yxatiga 22 ta eksportchi korxonalar kiritilishida amaliy yordam ko‘rsatilib, ular tomonidan bugungi kunga qadar 11,8 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilishiga erishildi.
2025 yilda viloyatimizda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport hajmini 850 million dollarga yetkazish vazifa qo‘yilgan. Buning uchun joriy yilda viloyatdagi korxonalar bilan manzilli ishlar tashkil qilinib, 100 dan ortiq yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilinishi natijasida 10 tadan ortiq yangi turdagi mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, qisqichbaqa, konditsioner, santexnika fitinglari, sanoatda foydalaniladigan tuz mahsulotlari, mis kabellari, konservalangan tayyor taomlar hamda o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari eksportga chiqarilib, ularning hajmi 20 million dollarga yetkaziladi.
Yusuf Norimov,
viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.