Samarqandda "Temir daftar"ga kiritilgan 1348 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga 1 million so‘mdan moddiy yordam tarqatildi

Hozirda asosiy e’tibor pandemiya sharoitida aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish, joylarda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash hamda koronavirusga chalingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan.

Bu borada har bir viloyat, tuman va shahar hokimliklari, mutasaddi rahbarlar zimmasiga o‘ta mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Ammo, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan barcha ishlarga qaramay keyingi vaqtda yurtimizda, xususan, shahrimizda epidemiologik vaziyatning bir muncha yomonlashishi kuzatilmoqda. Virus yuqtirganlarning ko‘proq aholi orasidan aniqlanishi uning profilaktikasini qayta ko‘rib chiqish, karantin tadbirlarini yanada kuchaytirishni taqazo etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yilning 20 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish alohida ta’kidlangan edi. Unda koronavirus yuqtirganlikda shubha qilingan barcha bemorlarni infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilish bo‘yicha topshiriq berildi. O‘tgan qisqa vaqt ichida, ayni vazifalar ijrosi doirasida shahrimizdagi 9 ta ob’yektda 1320 o‘rinli COVID-19 ga shubhali bemorlar uchun mo‘ljallangan “provizor” klinikalar tashkil qilinib, zaruriy tibbiy va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi. Ularning 8 tasi tibbiyot muassasalarining o‘zida (1100 o‘rinli), 2 tasi esa “Registon” va “Aziya” mehmonxonalarida (220 o‘rinli) joylashgan.

Shuningdek, yana 7 ta oliy ta’lim muassasalariga qarashli 15 ta yotoqxonada 3481 o‘rinli, 12 ta o‘rta maxsus, akademik litsey yotoqxonalarida 2080 o‘rinli qo‘shimcha zaxira joylar tashkil qilindi.

Ayni vaqtda Olimpiya zaxiralari sport majmuasini COVID-19 virusi aniqlangan bemorlar uchun mo‘ljallangan 1080 o‘rinli shifoxonaga moslashtirish ishlari olib borilmoqda. Unda barcha bemorlar uchun o‘pkani sun’iy nafas oldirish moslamalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shahrimizda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish masalasi ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Jumladan, dastlabki inventarizatsiya (aprel oyida o‘tkazilgan) natijalariga ko‘ra, shahrimizda jami 5,6 mingga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj oila borligi aniqlangan bo‘lsa, ularga ko‘rsatilgan turli ko‘rinishdagi manzilli ijtimoiy yordam natijasida 2020 yilning 30 iyul holatiga kelib ularning soni 915 taga kamaydi.

Xuddi shunday, muhtoj oilalardagi mehnatga layoqatli ishsizlar soni 3993 nafardan 475 taga yetkazildi. Ya’ni, o‘tgan vaqtda ularning 3518 nafari yoki 88 foizining bandligi ta’minlandi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ehtiyojmand oilalarga jami 5 milliard 168,8 million so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi. Birgina iyul oyida  2590 ta muhtoj oilaga 1,2 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 20 oilaga 77,6 million so‘mlik chorva mollari, 20 ta oilaga 2,5 million so‘mlik dori-darmon vositalari yetkazib berildi. E’tiborlisi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga saxovatpesha tadbirokorlar va saxiy insonlardan hozirgacha jami 1202,7 million so‘mlik homiylik mablag‘lari kelib tushdi va ta’minotchi korxonalardan 827,7 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinib, muhtojlarga yetkazilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 iyuldagi farmoyishi bilan "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi orqali shahrimizda "Temir daftar"ga kiritilgan 1348 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun bir martalik 1 million so‘mdan (jami 1 milliard 348 million so‘m) moddiy yordam ajratilib, uyma-uy tarqatildi.

Shu kunlarda shahrimizda Prezidentimizning 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Unga muvofiq, maxsus shakllantirilgan ro‘yxat asosida muhtoj oilalar a’zolarining har biriga 220 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi belgilangan.

Akram EGAMOV,

Samarqand shahar hokimining  moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari.