«Navbatchi» ayollar emas, haqiqiy muhtoj xotin-qizlarga yordam ko‘rsatyapmiz
Bu gap viloyat Matbuot uyida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi. Unda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan manzilli yordam haqida so‘z bordi.
- Ochig‘i, «navbatchi» ayollar bor. Sayyor qabullarda doimiy ravishda ishtirok etganim uchun ularning ko‘pchiligini tanib qolganman, - dedi Samarqand viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Suhrob Rafiqov. - Turli boshqarma boshliqlari qabuliga kelib, o‘zini nochor ko‘rsatib, nimadir undirib ketishni kasb qilib olgan ayollar ham yo‘q emas. Ba’zilarining uyiga borsangiz, moddiy ahvoli yaxshi ekanligiga guvoh bo‘lasiz.
Lekin biz asosiy e’tiborni joylarda, ahvoli o‘rganilgan oilalar, ularning nechog‘lik muhtojligi aniqlangandan so‘ng manzilli yordam ko‘rsatyapmiz. Tuman va shahar hokimliklarining dastur doirasidagi tavsiyasi asosida bugungi kungacha viloyatimizdagi 2 563 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarimizni uy-joy bilan ta’minlash, qurilish materiallari olish uchun hamda davolanish va dori-darmon olish uchun, moddiy yordam, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida yo‘naltirildi. Jumladan, viloyatimiz bo‘yicha 1471 nafar xotin-qiz tikuv mashinalari bilan ta’minlanib, kasanachilik asosida yangi ish o‘rinlari tashkil etmoqda. Shuningdek, 254 nafariga uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari olib berildi, 168 nafariga dori-darmon olib berish uchun, 44 nafariga davolanishi uchun moddiy yordam berildi. Kam ta’minlangan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha 3 nafariga issiqxona, 12 nafariga chorva mollari, oilaviy sharoitlari yaxshilash maqsadida 137 nafar ayollarga maishiy texnika jihozlari berildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanidagi kam ta’minlangan 10 nafar xotin-qizlar uchun tuman hokimligi va kasaba uyushmalari tomonidan yangi uy-joylar qurib, foydalanishga topshirildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning mazkur masala yuzasidan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
Gulruh Mo‘minova.