Turdimov: «Mahallada mahalla raisining mavqei bo‘lishi kerak»
Viloyat hokimligida mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar tahlil qilindi.
Erkinjon Turdimov rahbarligida videoselektor shaklida o‘tkazilgan muhokamada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Olimjon Soliyev, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ullari hamda sohaga aloqador tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Muhokamada viloyat hokimi sohada olib borilayotgan ishlar va salbiy holatlarga to‘xtalib, mahallalarda sog‘lom muhitni yaratish, mavjud muammolarning yechimini topish, bu borada sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlarning faoliyati qoniqarsiz ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ishchi guruhi tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi. Oilaviy ajralishlar, ishsizlik, notinch oilalar bilan ishlash, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlar va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, uyushmagan yoshlar va tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan ishlash, mahallalarda sodir etilgan va oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sabablari kabi masalalar aniq misollar bilan ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda viloyatda 25 144 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz ro‘yxatga olinganligi, ularning muammolarini hal etish, qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga alohida e’tibor berildi.
Muhokamada O.Soliyev soha oldida turgan vazifalar hamda bu borada viloyatda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qildi. Ta’kidlashicha, 20 mingga yaqin xotin-qiz bandligi ta’minlangan, ulardan 4 ming nafari tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘qitilgan, qariyb 8 mingga yaqiniga 154,8 milliard so‘mdan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Hokim bu boradagi ishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Mas’ullarga vazifalar belgilab berdi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, takroriy ekin uchun yer ajratish, tibbiy yordamlar va huquqiy, psixologik ko‘maklarni ko‘rsatish, uy-joyini ta’mirlashga, farzandlarining muammolarini o‘rganish va hal etish, ularning maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya olishlarini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida sektor rahbarlari va soha mutasaddilariga 2526 nafar ayolni ishga joylashtirish va 926 nafarini kasb-hunarga o‘qitish zarurligini aytdi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Samarqand tajribasi” yaratish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va ijroga qaratish belgilandi.
Shuningdek, yig‘ilishda mahalla raislari tomonidan yo‘llangan murojaatlar ijrosi masalasi ham muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan axborot almashinuvi tizimi orqali joriy yilda mahalla raislari tomonidan 21 mingta murojaat ijroga qaratilgan. Shundan 2,4 foiziga, ya’ni 511 tasiga mas’ul ijrochilar tomonidan javob xatlari yuborilmagan. Elektr tarmoqlari korxonalari, gaz va obodonlashtirish idoralari bu kabi qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘ygan.
Yig‘ilishda muhokama qilingan barcha masalalar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, zaruriy ko‘rsatmalar berildi. Qo‘yilgan vazifalar ijrosi viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olinib, muntazam muhokama etib borilishi bildirildi.