Xotin-qizlar endi uydan chiqmasdan muammolarini hal qilishi mumkin
Buning uchun https://aziz-ayol.uz/ platformasi faoliyat olib bormoqda. Platformada psixolog, shifokor va huquqshunos bilan onlayn muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Aziz-ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan milliy platforma doirasida davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro elektron hamkorligi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qarorga asosan, shuningdek 1146 qisqa raqamli “ishonch telefoni” orqali tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar bilan muloqot qilish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish masalalari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarga 24 soat ichida tezkor munosabat bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Platforma orqali:
- xotin-qizlar, shu jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etishga yordam beriladi;
- vazirlik va idoralardan xotin-qizlar bilan bog‘liq ma’lumotlar tezkor yig‘iladi va real vaqt rejimida tahlil qilinadi;
- xotin-qizlarning o‘z huquqlarini ta’minlanishi bo‘yicha murojaat qilishlari uchun yanada qulayliklar yaratiladi.
Milliy platformani uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga topshirilgan.