USAID qishloqlardagi 1000 nafar xotin-qizning iqtisodiy imkoniyatini yaxshilamoqda
AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston bo‘ylab qishloq xotin-qizlari uchun bilim va kasb tanlash bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirish, ish izlashga yoki o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ko‘maklashish maqsadida bir necha loyihalarni amalga oshirmoqda.
Samarqand shahrida ushbu loyihalarning ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, dastur doirasida USAID o‘z ishini endi boshlagan tadbirkor ayollarning startap loyihalariga ko‘maklashish uchun ularga uskunalar sotib olishga qaratilgan eng yaxshi biznes-rejalarni moliyalashtiryapti.
- USAID qishloq xotin-qizlariga malakaliroq ishga joylashish, o‘z daromadini ko‘paytirish va o‘z jamiyati farovonligiga hissa qo‘shish imkonini beradi, - deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. - Bunday tashabbusning amalga oshirilishi O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishda, maqsadlariga erishishga yordam beradi.
Loyihaga ko‘ra, barcha hududlardagi “Ishga marhamat” mono-markazlari va kasb-hunar maktablarida o‘quv kurslari olib boriladi. Ishtirokchilar USAID, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda «Sabr» respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi sertifikatlar bilan taqdirlanadi.
O‘quv dasturiga ko‘ra, xotin-qizlar moliyaviy boshqaruv, buxgalteriya hisobi va biznes-rejalashtirish asoslari, shuningdek, issiqxona va tomorqa bog‘dorchiligi, asalarichilik, ipakchilik, quyonchilik va parrandachilik, an’anaviy xalq hunarmandchiligi, qandolatchilik, oshpazlik, sartaroshlik, to‘qimachilik, kompyuter savodxonligi va axborot texnologiyalari bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.
Dastur doirasida qamrab olingan 1000 nafarga yaqin ishtirokchining kamida 30 foiziga ishga joylashish yoki startaplarini moliyalashtirish orqali yangi imkoniyatlar yaratiladi. «Sabr» Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tanlangan bitiruvchilarga mikrokreditlar ajratadi, USAID esa biznesni ochish yoki kengaytirish uchun zarur bo‘lgan uskunalar bilan ta’minlaydi. Ushbu dasturga ko‘ra, USAID tomonidan 2021 yilda 1 mln. AQSh dollari ajratilgan.