Samarqandda test sinovlari yakunlandi: 70 nafar abituriyent imtihondan chetlatildi
Avval xabar berganimizdek, 8-17 avgust kunlari viloyatda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun beshta ochiq maydonda test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limining Zarnews.uz’ga ma’lum qilishicha, 17 avgust kuni birinchi navbatda qatnashishi kerak bo‘lgan 5460 nafar abituriyentdan 4976 nafari test sinovlarida ishtirok etgan. Ammo 484 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmagan.
Ikkinchi navbatda abituriyentlarning 5171 nafari test sinovlariga kelgan bo‘lsa, 289 nafari turli sabablarga ko‘ra qatnashmagan.
Birinchi navbatda uch nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, ikkinchi navbatda bir nafar abituriyent tartib-intizomga rioya qilmasdan ta’qiqlangan vositalardan foydalangani tufayli test sinovlaridan chetlatilgan.
Umumiy natijaga ko‘ra:
Bu yil viloyatdagi test sinovlariga 108 981 nafar abituriyent qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 99 312 nafari imtihonga kelgan, 9669 nafari turli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan.
Shuningdek, 31 nafar abituriyent o‘ringa o‘rin kirishga uringani, 39 nafari ta’qiqlangan vositalardan foydalangani bois imtihondan chetlatilgan.