Samarqandda topilgan qadimiy toshlar bo‘yicha dastlabki rasmiy ma’lumot berildi: Qabrtoshlar XVII asrga oid

Bugun, 3 noyabr kuni Samarqand shahrida qadimiy artefakt topilgani haqda xabar berilgandi. Madaniy meros agentligi mazkur topilma yuzasidan dastlabki ma’lumotni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, "Samarqand xalqaro aeroporti" MChJ xodimlari aeroport hududini rekonstruksiya qilish jarayonida oldingi dala-hovlilar o‘rnida aniqlangan qabrtoshlar haqida mutasaddilarga xabar bergan. Mazkur xabar asosida bugunning o‘zida Samarqand arxeologiya instituti va SamDU tarix fakulteti xodimlari tomonidan borib o‘rganilgan.

O‘rganish jarayonida o‘lchami 154x50x34 santimetrli sandiq shaklidagi qabrtosh oq marmardan ishlangani, toshning usti va yon tomonida "Baqara’" surasining 254, 256-oyatlari tushirilgani ma’lum bo‘lgan. Qabrtoshning ayrim qismlari yaxshi saqlanmagani, shaxsning dafn etilgan vaqti va to‘liq ism-sharifi haqida ma’lumot olish jarayonini murakkablashtirayotgani aytilgan. Dastlabki ko‘zdan kechirish natijasida unda "Oqila bibi" deb yozilgani aniqlangan.

“Ikkinchi qabrtosh ham sandiq shaklida bo‘lib, qora marmar toshdan ishlangan, unda hijriy 1049 (1659) yil sanasi bitilgan, o‘lchami 116x37x25 santimetr. Qabrtosh sohibining ismi yozilgan tomoniga shikast yetgani sababli hozircha bu borada ma’lumot mavjud emas. Ayni vaqtda tadqiqot ishlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Qabrtoshlar "Samarqand xalqaro aeroporti" MChJ tomonidan Samarqand o‘lkashunoslik muzeyiga olib borilgan. O‘rganishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.