Samarqandda uyida giyohvand o‘simlik yetishtirib kelayotgan ikki nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Samarqand shahri hududida “Qoradori-2021” tadbiri o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida Samarqand shahar IIB 8-son IIB jinoyatchilikka qarshi kurashish guruhi xodimlari tomonidan Samarqand shahar Lohutiy mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro M.F.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uyning tomorqasida ekilgan turli xil gullar orasida, qonunga xilof ravishda 1 tup “Kannabis” giyohvand o‘simligini yetishtirib kelayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Samarqand shahar Shoxruh ko‘chasida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan fuqaro O.G.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uyida gul tuvaklarda ekilgan turli xil gullar orasida qonunga xilof ravishda 2 tup “Kannabis” giyohvand o‘simligini yetishtirib kelayotganligi aniqlangan.

IIV Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksning 270-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.