Samarqandda virussiz urug‘lik kartoshka yetishtiriladi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda kartoshka urug‘chilik tizimini yanada rivojlantirish va kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida O‘zbekistonda virussiz urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha xalqaro seminar o‘kazildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi, Koreya qishloq jamiyati korporatsiyasi, Tojikiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi, Koreyaning KOPIA dasturi va boshqa tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori Shavkat Hasanov, Koreya qishloq jamiyati korporatsiyasi Markaziy Osiyo ODA vakolatxonasi direktori Jang Jeongreol, Koreya KOPIA dasturi rahbari Kim Jaye Hyun amalga oshirilayotgan loyiha, O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimiz aholisini kartoshka bilan to‘liq ta’minlash uchun 4,1 million tonna hamda urug‘lik uchun 550-600 ming tonna urug‘lik kartoshka talab etiladi. Lekin yurtimizda 3,7-3,8 million tonna kartosha yetishtiriladi. Xususan, joriy yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 286 ming gektar maydonda kartoshka ekish va 3,8 million tonna yalpi hosil olish belgilangan. O‘tgan yil Pokiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Rossiya, Qirg‘iziston va Eron davlatlaridan iste’mol uchun 703 ming tonna hamda urug‘lik uchun 1,2 ming tonna kartoshka import qilingan.
– Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda import o‘rnini bosuvchi urug‘lik kartoshka yetishtirishning ilg‘or texnologiyalarini ishlab chiqishdir, – deydi rektor Shavkat Hasanov. – Bu borada mutaxassislar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ilmiy asoslangan takliflar beriladi, ularning bilimlari oshiriladi. Jumladan, shu paytgacha 10 nafar fermer xorijda o‘qitildi va 6 nafar soha mutaxassisi Koreyada malaka oshirib keldi. Institutimizda invitro laboratoriyasi tashil etilib, sog‘lom kartoshka ko‘chatlari tayyorlanmoqda. Gidroponika issiqxonasi va 3 gektar maydonda Nethouse barpo etilib, yiliga 30 ming dona mikro va minituganaklar yetishtirilmoqda.
Seminarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Z.Ortiqov yurtimizda kartoshka urug‘chiligining bugungi holati va istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Ushbu yo‘nalishda Samarqandda, xususan, mazkur institutda amalga oshirilayotgan loyihaning samarasiga e’tibor qaratdi.
Xalqaro bog‘dorchilik instituti menejeri, professor Cho Hyun-Mook kartoshka yetishtirishning global tizimlari va uning O‘zbekistonda qo‘llanilishi bo‘yicha tadqimot qildi. Professor yangi nav yaratishdagi asosiy jihatlar, iqlim sharoitining muhimligini qayd etdi. O‘zbekiston kartoshka yetishtirish uchun katta imkoniyatlarga egaligi, tajribalar davomida turli virus va zarurkunandalarga kam duch kelishayotganligi, bu esa yaqin kelajakda O‘zbekiston kartoshka eksport qila oladigan salohiyatga ega bo‘lishidan dalolat berishini ta’kidladi.
Seminarning ikkinchi kuni urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish va saqlash omboriga sayohat tashkil etildi. Shuningdek, institut issiqxonasi va invitro laboratoriyasida urug‘lik kartoshka tayyorlash jarayonlari bilan tanishildi.