Samarqandda xalqaro jurnalistika talabalari uchun ijodiy imtihon bo‘lib o‘tdi

Bugun Samarqand davlat chet tillar institutida xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun ijodiy imtihon bo‘lib o‘tdi.

Ijodiy imtihon ikki bosqichda: insho va suhbat asosida o‘tkazildi.

- Bu yil xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga 87 nafar abituriyent hujjat topshirgan, - dedi institutning ilmiy bo‘lim boshlig‘i, ijodiy imtihonlar mas’uli Bekpo‘lat Turobov. - Bu yil xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga 30 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Shulardan 5 nafari davlat granti, qolgan 25 nafari to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.

Dastlab abituriyentlarga beshta mavzudan birida ixtiyoriy insho yozish topshirildi va 3 soat vaqt berildi. So‘ngra maxsus tuzilgan komissiya har bir abituriyent bilan og‘zaki suhbat o‘tkazdi.

 - Men bugun ijodiy imtihonda “Hayotingizni o‘zgartirgan kitob” mavzusida insho yozdim, - dedi Munira Ibrohimova. – Dadam 8-sinfligimda Yulius Fuchikning “Dor ostidan reportaj” kitobini olib bergandi. Kitobda 1943 yillardagi voqealar, ya’ni urush, qamoq iztiroblari tasvirlangan bo‘lib, hayotimni tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi ham yuragimdan chuqur joy olgan. Adibning ushbu kitobi haqida ham o‘z fikrlarimni yozdim. Og‘zaki suhbatda menga “Reportaj nima?”, “Ijod qilasizmi?”, “Jurnalistika kasbini nega tanladingiz?” kabi savollar berildi. O‘ylaymanki, ijodiy imtihonni yaxshi topshirdim. O‘zim xohlab shu kasbni tanlayotganim uchun ham imtihonda qiynalmadim.

- Bizga tanlash uchun beshta mavzu berildi. Shulardan men “Inson qadri” mavzusida insho yozdim, - dedi Otabek Umirov. – Inson qaysi jamiyatda yashamasin, u ilmi bilan qadrli. Ilm insonni boshqalardan ulug‘ligini isbotlab beradi. Tarixni kuzatsangiz ham faqat ilmli odamlar zamonlar osha yashab kelmoqda. To‘g‘ri, inson tashqi tomondan har xil ko‘rinishga ega. Ammo insonni ko‘klarga ko‘taradigan bu ilmdir. Inshoda shular haqida fikr yuritdim. Ijodkorligi bor yoshlar uchun imtihon juda qiziqarli bo‘ldi, hech qanday qiyin joyi yo‘q. O‘zim yoshligimdan hikoyalar yozib yuraman. Jurnalistika sohasiga bolaligimdan qiziqib kelaman. Tanlagan kasbim bo‘yicha vatanim ravnaqiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.

Ijodiy imtihonlarning umumiy bali 93 bo‘lishi kerak, shundan 31 foizi og‘zaki savol-javobga qo‘yiladi, natijalar ikki kundan so‘ng e’lon qilinadi. Shundan so‘ng, abituriyentlar test sinovlarida qatnashib, uchta majburiy fanlardan imtihon topshiradi. So‘ngra ikkala imtihon ballari qo‘shilib, yuqori ball to‘plaganlar o‘qishga qabul qilinadi.

Xurshida ERNAZAROVA.