Samarqandda xalqaro tadqiqotlarga qanday tayyorgarlik ko‘rilmoqda?
Viloyat xalq ta’limi tizimi tasarrufida bugungi kunda 1249 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishni tashkil etish bo‘yicha maktablarning geografik joylashuvi va o‘qituvchilar sifat tarkibidan kelib chiqib, tuman, shaharlar kesimida jami 32 ta tayanch maktablar belgilangan.
Jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahrida 1 ta, Samarqand shahar, Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Nurobod, Oqdaryo, Past Darg‘om, Payariq, Paxtachi, Toyloq, Samarqand tumanlarida 2 tadan, Urgutda 3 ta tayanch maktablar tashkil etilgan.
O‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha PISA-2022 xalqaro dasturi doirasida tajriba-sinov jarayonlari 2021 yil 1-4 may kunlari 4 ta (Kattaqo‘rg‘on tumani 35-, Narpay tumani 10-, 52-, Past Darg‘om tumanidagi 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi)da o‘tkazildi. Tadqiqot jarayonlari kompyuterda olindi, n natijalar ko‘rib chiqilmoqda.
Samarqand shahar 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi karantinda bo‘lganligi sababli xalqaro dastur doirasida tajriba-sinov jarayonlari o‘tkazilmadi.
Xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rishda tayanch maktablarning o‘rni va ahamiyati” mavzusida Respublika o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Toshkenboyev so‘zga chiqib, Samarqand viloyati umumta’lim muassasalarining milliy reytingdagi natijalari qoniqarsiz bo‘lganligi, endilikda ushbu kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, viloyatda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish inspeksiya va xalq ta’limi bo‘lim va boshqarmalari oldidagi dolzarb vazifa bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
Ushbu o‘quv-seminarda viloyatda xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ishlari samaradorligini oshirish maqsadida tayanch maktablar sonini 32 tadan 52 taga oshirish bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligiga taklif kiritildi.
Shuningdek, haftaning jumani kuni “Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik kuni” deb belgilandi.
Jo‘rabek Ishmurodov,
viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.