SamATIda Tushia universiteti bilan qo‘shma kampus ochildi

Bugun Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti hamda Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma kampusning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur qo‘shma kampus g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining 2025 yil 28–29 may kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari davomida ilgari surilib, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikning yangi yo‘nalishi sifatida belgilangan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Italiyaning Tushia universiteti o‘rtasida rasmiy kelishuv imzolandi va bugun ushbu tashabbus amaliyotda o‘z samarasini bera boshladi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Italiyaning Tushia universiteti rektori, professor Stefano Ubertini boshchiligidagi delegatsiya, Italiya universiteti vakillari, xalqaro hamkorlik tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda tomonlar o‘rtasida ikki bakalavriat va ikki magistratura yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Jumladan, bakalavriat bosqichida – agronomiya, oziq-ovqat fanlari va texnologiyasi yo‘nalishlari, magistratura bosqichida – organik dehqonchilik, doiraviy iqtisodiyot yo‘nalishlarini ochish rejalashtirildi.

- Qo‘shma dasturlar xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalariga tayangan holda tashkil etiladi, - deydi Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor Shavkat Hasanov. - Talabalar ta’lim jarayonida ikki davlatdagi oliy ta’lim muassasalarida navbatma-navbat tahsil olishlari, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tugatgach, O‘zbekiston va Italiya oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadigan ikki tomonlama diplomga ega bo‘lishlari ko‘zda tutilgan. Bu esa bitiruvchilarga nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro mehnat bozorida ham keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Mazkur qo‘shma kampusning tashkil etilishi O‘zbekiston ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, zamonaviy agrotexnologiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, organik dehqonchilik va doiraviy iqtisodiyot kabi dolzarb yo‘nalishlarda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi bilan bir qatorda, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, qo‘shma ta’lim dasturi doirasida:

  • talabalar uchun xalqaro stipendiya va grantlar joriy etiladi;
  • akademik almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
  • ikki davlat olimlari va tadqiqotchilari uchun qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshiriladi;
  • yoshlar uchun xalqaro amaliyot va stajirovkalar tashkil qilinadi.

Shuningdek, tomonlar muntazam muzokaralar olib borib, ta’lim dasturining samaradorligini oshirish, yangi yo‘nalishlar ochish va o‘quv jarayonini zamonaviy raqamli platformalar asosida tashkil etishga doir tashabbuslarni ishlab chiqmoqda.

Qo‘shma kampusning ochilishi O‘zbekiston ta’lim va qishloq xo‘jaligi tizimi rivojida yangi bosqichni boshlab berib, mamlakatimiz yoshlariga dunyo darajasida bilim olish va xalqaro tajribaga ega bo‘lish imkoniyatini taqdim etmoqda.

Xurshida ERNAZAROVA.