Samarqandda xalqaro yoga kuni nishonlandi
21 iyun – Xalqaro yoga kuni butun dunyoda keng nishonlandi. Shu
munosabat bilan Samarqanddagi Boqiy shahar majmuasida ham to‘qqizinchi xalqaro yoga festivali o‘tkazildi.
Toshkent va Samarqand viloyatlarida videomuloqot orqali o‘tkazilgan ommaviy sport bayramida Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat yoga mashqlarining mazmun-mohiyati va inson salomatligi uchun foydali jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
- Yoga xalqlarning global tinchligi, taraqqiyoti va farovonligi uchun yo‘l ochadi, - deydi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Rajeyev Gosvami. - Har bir inson ruhiy xotirjam, doimo sog‘lom bo‘lishni istaydi, yoga mashg‘ulotolari tanani jismoniy, ma’naviy, aqliy, ruhiy jihatdan chiniqtirish, har xil dardlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ohista bajarilgan rang-barang harakatlar qon aylanishi, nafas olish, harakat tayanch a’zolarini benuqson bo‘lishini ta’minlaydi.
Festival davomida ishtirokchilar hindistonlik murabbiyi bilan birgalikda yoganing tana va ruhiyatga foydali jihatlarini o‘zida mujassam etgan turli mashqlarni bajardilar.