Samarqandda Xitoy energiya texnologiyalari instituti fakulteti tashkil etiladi
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga safari davomida ushbu mamlakatning yetakchi ta’lim muassasalari “Northeast Electric Power University” (Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universiteti) va “Tianjin University of Science and Technology” (Tianjin fan va texnologiya universiteti) bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar tuzildi.
Shimoliy-Sharqiy elektr energetika universiteti prezidenti Chai Guovi bilan uchrashuv chog‘ida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik doirasida ta’lim va madaniyatni rivojlantirishga ko‘maklashish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yiladi. Bakavariat, magistratura va doktoranturada “2+2”, “3+1”, “1+1” ta’lim tizimlarini joriy etiladi. Eng asosiysi, O‘zbekistonda birinchi marta mazkur universitetning Xitoy energiya texnologiyalari instituti fakulteti tashkil etiladi.
– Mazkur fakultet talabalari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Xitoy universitetida ta’lim olgan holda “double diploma” sohibiga aylanadi, – deydi Yusuf Abdullayev. – Mazkur fakultetda 2023 yilda 40 nafar talaba ta’lim olishi rejalashtirilmoqda. Sun’iy intellekt maktabi rivojlangan Tianjin fan va texnologiya universiteti rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida matematika, fizika, mashinasozlik, kimyo muhandisligi va energetika dasturlarini amalga oshirishda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik.
Tianjin fan va texnologiya universiteti bugungi kunda AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarning 40 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Endi hamkor mamlakatlar orasida O‘zbekiston ham bor va mazkur universitet Markaziy Osiyo bo‘yicha birinchi marta Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan memorandum imzoladi.
Xitoyga safar davomida SXTU rektori “Teo, Amo kaj la Mondo, 2023-2024” (Choy, sevgi va tinchlik, 2023-2024) xalqaro loyihasi tashabbuskorlari bilan ham uchrashdi va ushbu madaniy-ma’rifiy loyihada ilk bor O‘zbekiston vakillari – SXTU talabalari va o‘qituvchilari ham ishtirok etishiga kelishib olindi. Shuningdek, SXTU kampusida “The Peace teahouse” (Tinchlik choyxonasi) ochilishi belgilandi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti axborot xizmati.