Samarqandda yana bir xalqaro qo‘shma laboratoriya tashkil qilindi
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida Xitoyning Shensi provinsiyasi bilan hamkorlikda “Inson va atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha "Bir makon, bir yo‘l" Xitoy — Markaziy Osiyo qo‘shma laboratoriyasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Xitoylik va mamlakatimiz arxeolog olimlari, ilmiy tadqiqotchilar, talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide, Xitoy Shimoli-g‘arbiy universiteti vitse prezidenti Chang Jiang, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilovlar so‘zga chiqdi.
– “O‘zbekiston – Xitoy arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish ilmiy-texnikaviy xalqaro qo‘shma laboratoriyasi” 2022 yil 16 noyabrda "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Xitoy Shimoli-g‘arbiy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda, – dedi universitet rektori Aziz Abduhakimov. – Hujjatda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Xitoy va O‘zbekiston universitetlari talabalari hamda o‘qituvchilarining to‘siqsiz harakatlanishi uchun akademik ko‘prik o‘rnatish maqsad qilingan. Shimoli-g‘arbiy universitetning 120 yillik yubileyi doirasida imzolangan mazkur hujjat “O‘zbekiston – Xitoy arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish ilmiy-texnikaviy xalqaro qo‘shma laboratoriyasi”ni tashkil etishga yo‘naltirilganligini e’tirof etishimiz kerak. Ta’kidlash lozimki, xalqaro qo‘shma laboratoriya “Xitoy va Markaziy Osiyoning inson resurslari va atrof-muhitni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ilmiy laboratoriyasi”ning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Mazkur laboratoriyada kelgusida arxeologiya va madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirokida muhim ilmiy tadqiqotlar olib borilishi, Samarqand shahrining uchinchi renessans markaziga aylanishiga, mamlakatimizning turizm salohiyati yanada rivojlanishiga, O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonaman.
Ushbu yirik ilmiy loyiha Xitoy Shimoli-g‘arbiy universiteti tashabbusi bilan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi binosida tashkil etilmoqda. Laboratoriya biokimyoviy tadqiqotlar va hayvon suyaklarini o‘rganishga ixtisoslashgan ikki qismdan iborat bo‘lib, bu yerda O‘zbekiston hududida topilgan har qanday arxeologik qazishma materiallarini tadqiq qilish imkoniyati yaratiladi. Qo‘shma laboratoriyani qurish uchun Xalqaro turizm akademiyasining 8-qavatida jami 395 kvadrat metr maydon ajratilgan. Ayni paytgacha Xitoyning Shimoli-g‘arbiy universiteti tomonidan qiymati 1 mlrd. 587 mln. so‘m mablag‘ evaziga 36 turdagi jami 90 dona laboratoriya jihozlari va maxsus uskunalar xarid qilinib, universitetga olib kelindi. Laboratoriya qurilishini muvofiqlashtirish hamda jihozlash ishlarini maxsus standartlar asosida bajarilishini nazorat qilish maqsadida Shimoli-g‘arbiy universitetning 2 nafar mutaxassisi laboratoriya qurilishida ishtirok etmoqda.
Tadbir davomida har ikkala tomon vakillari o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihani samaradorligini oshirish borasida o‘zaro fikr almashib, kelgusi vazifalarni belgilab olishdi.