Samarqandda Yangi yil tomoshalari bo‘lib o‘tmoqda

Viloyatda jami 24 ta bayram archasi bezatilgan bo‘lib, ularning 6 tasi Samarqand shahrida joylashgan. Samarqand viloyat musiqali drama teatri ro‘parasidagi asosiy bayram archasining atrofi aholi bilan gavjum.
– Tomoshalar ikki seansda davom etmoqda, – deydi viloyat madaniyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Suhrob Erboyev. – Tadbirlarda viloyat musiqali drama teatri va qo‘g‘irchoq teatri tomonidan sahna asarlari namoyish etilmoqda. Yangi yil shodiyonalariga bag‘ishlangan bayram dasturlaridan Qorboboning sarguzashtlari, ertak qahramonlari ishtirokidagi qiziqarli viktorina hamda yoshlar uchun mo‘ljallangan har xil o‘yinlar o‘rin olgan.
Bayram archalari va uning atrofidagi minglab rang-barang chiroqlar o‘ziga xos kompozitsiya hosil qilgan. Bu yerda namoyish etilayotgan sahna asarlari va mashhur san’atkorlarning konsert dasturlaridan odamlar mamnun.
– Yaqinda 52 yoshni qarshi oldim, – deydi payariqlik Tozabuvi Xonkeldiyeva. – Yillar davomida farzandlarimni o‘qitdim, qizlarimni uzatib, o‘g‘illarimni uylantirdim va uyli-joyli qildim. Bemalol shahar aylanishga vaqtimiz bo‘lmasdi. Bugun esa turmush o‘rtog‘im, bolalarim va 15 nafar nabiram bilan Samarqand shahriga kelib, bayram yarmarkalari hamda qiziqarli tomoshalarni kuzatdik.
Past Darg‘om tumanidagi Juma shahri hamda Go‘zalkent shaharchasidagi “Yoshlar bog‘i”da ham shodiyona munosabati bilan minglab odamlar yig‘ilgan. Mazkur hududlarda ham bayram archalari bezatilgan va savdo yarmarkalari tashkil etilib, konsert dasturlari aholini xursand qilmoqda.
Yangi yilni munosib kutib olish maqsadida Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida ham 35 metrlik archa o‘rnatildi. U 2500 dan ortiq o‘yinchoq va yoritqich chiroqlari bilan bezatildi.
Tadbirlar 2019 yilning 10 yanvariga qadar davom etadi.
Abdujabbor PO‘LATOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).